Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan beri yuzlab bolalarning ota-onalari halok bo‘ldi yoki bedarak yo‘qoldi. Yana besh mingga yaqin voyaga yetmaganlar esa harbiy harakatlar bilan bog‘liq boshqa sabablarga ko‘ra ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘ldi. Bu haqdagi ma’lumotlarni Ukraina milliy ijtimoiy xizmati BBC nashriga taqdim etdi.

Foto: ANADOLU AGENCY

Ota-onasiz qolgan urush farzandlarining taqdiri qanday kechyapti, ular hozir qayerda? Urush Ukrainadagi bolalarni asrab olish jarayoniga qanday ta’sir qilmoqda? Bosib olingan hududlardan Rossiyaga olib ketilgan minglab bolalar kelajagi nima bo‘ladi? BBC nashri jurnalistlari shu savollarga javob izladi.

Bogdan. Qo‘shnilaridan qochib, onasi vafot etgan joyga borgan bolakay

Baxmutlik 8 yoshli Bogdan Ukrainadagi urush sabab yetim qolgan 1128 nafar bolaning biri.

Onasi otishma paytida vafot etgan qarindoshining dafn marosimiga ketganida u qo‘shnilarning uyida qolgan edi.

Ammo yo‘lda Bogdanning onasi va u bilan birga bo‘lgan odamlar yangi otishma ichida qoladi. Ular snaryad parchalari ostida halok bo‘ladi. Bogdanning onasi yetti oylik homilador edi. Onasi bilan birga Bogdanning o‘gay otasi ham vafot etadi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ularning jasadlari bir necha kun ko‘chada qolgan. Chunki Rossiya hujumni to‘xtatmagan va jasadlarni raketa hamda snaryadlar yomg‘iri ostidan olishning iloji bo‘lmagan.

Bogdan onasi va o‘gay otasi vafot etganidan xabar topgach, qo‘shnilaridan yashirincha velosipedini oladi va ota-onasi halok bo‘lgan yerga boradi.

Bogdan katta shokni boshdan kechirdi. Hozirda u xavfsizlikda. Foto: Ukraina milliy politsiyasi

Huquq-tartibot organlari bolakayni vayronaga aylangan, hamon o‘qqa tutilayotgan shahardan qidirib topadi va xavfsiz hududga olib ketadi.

Keyinroq Bogdanni uni va uning marhum onasini taniydigan ayolga topshirishadi. «Ayol Kiyev oblastiga evakuatsiya qilindi», deydi Donetsk oblasti davlat ma’muriyatining bolalar xizmati rahbari Natalya Timofeyeva.