Telegramdagi “Muttaham bankirlar” kanali litsenziyalari chaqirib olingan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”ning litsenziyasi qaytarib berilishi haqida yozdi

Kun.uz bu borada Markaziy bankdan izoh so‘radi, regulyator “o‘rganish o‘tkazilayotganini” aytdi. 

Kun.uz manbasi bu xabarning to‘g‘riligini tasdiqladi. 

2022 yilning oktabr oyida Markaziy bankning tegishli qarori bilan “Turkistonbank” va “Hi-tech bank”dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar olib qo‘yilib, banklarni tugatish to‘g‘risida komissiya tayinlagandi. 

Ikkala bank tomonidan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgan va litsenziyasi olib qo‘yilishiga quyidagi sabablar keltirilgan:

  • bank aktivlari bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi yetarlicha zaxira mavjud emasligi;
  • regulyativ kapitalining ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgani;
  • bank xizmatlari iste’molchilari huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani;
  • buxgalteriya hisobining hisobotga oid ma’lumotlar buzilishiga olib keladigan va bankning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettirish imkonini bermaydigan qoidabuzarliklar bilan yuritilgani;
  • bank faoliyatidagi qo‘pol qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risidagi Markaziy bank ko‘rsatmalarining belgilangan muddatda bajarilmagani;
  • jiddiy qoidabuzarlik uchun Markaziy bank tomonidan jarima qo‘llanganidan keyin xuddi shunday qoidabuzarlik takroran sodir etilgani sababli “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi ushbu qarorni qabul qilgan.

Shundan so‘ng, 27 oktyabrdagi matbuot anjumanida regulyator rahbari “Turkistonbank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-tech bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari borligini ma’lum qildi

U mazkur banklar omonatchilarining mablag‘lari yopilgan kungacha hisoblangan foizlari bilan 100% qaytarilishini qo‘shimcha qilgandi.