Katta shaharlarda qurilayotgan obektlar, ayniqsa ko‘pqavat uylar soni sezilarli darajada oshgan. Bu qurilishlardan chiqadigan chang bir muammoga aylangan bo‘lsa, endi qurilish va ta’mirlash ishlari natijasida hosil bo‘ladigan shovqinlar ham aholini bezovta qilib qo‘ymoqda. Buni poytaxt misolida ham ko‘rish mumkin.

“Ustalar bilan janjal ham qilgandim”

Kun.uz Toshkent shahrining qurilish davom etayotgan turli tumanlarida yashovchi aholi bilan suhbatlashdi. Ularning aksari quruvchilar tungi uyqu vaqtlarida ham ishlashlarini aytishdi.

Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi

Yakkasaroy tumani Boshliq mavzesida yashovchi fuqaro shovqin aholining ish, o‘qish unumdorligiga ta’sir qilishi haqida gapirdi:

Yonimizda uy qurilyapti. Istalgan vaqtda taqirlatishni boshlaydi, bu yoqimsiz ovozlar kechasi ham bezovta qilib qolishi mumkin. Nafaqat yashash joyimda, balki o‘qish joyimda ham darsda o‘tirganimizda drel ovozi eshitiladi, xalal beradi. Odatda kunduz kuni yoki tushda bezovtalanamiz. Uncha tez-tez emas, lekin o‘sha bezovta bo‘lgan vaqtimiz butun kunga yetarli bo‘ladi. Asab buziladi, fikrni jamlay olmayman, shaxsan men. O‘qishim borligini hisobga olsak, uyda mana shu qurilishni deb dars qilolmayman, xayriyat kechasi ular ham dam oladi, lekin men dam olmayman, kunduzi qilolmagan darslarimni yozib chiqaman.

Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi

Aholi gavjum va zich yashaydigan hududlarda qurilish qilishlariga qarshiman. Agar qilishsa ham, qurilish bo‘layotgan joy atrofi ovoz o‘tkazmaydigan to‘siqlar bilan o‘ralishi kerak. Yoki qurilish bo‘ladigan soatlardan aholini ogohlantirish kerak.

Yangihayot tumani, O‘zar mahallasi

Yangihayot tumanidagi Yangi Choshtepa 70-uyda yashovchi fuqaro qurilish qilish oldidan hech kim ularni ogohlantirmasligidan nolidi: