O‘zbekiston | 10:25 / 31.12.2022
7583
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat funksiyalari avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi joriy etiladi

«Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Prezidentining Farmonida belgilangan vazifalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Foto: Dunyo

Adliya vaziri  Akbar Toshqulov o‘z ma’ruzasida davlat rahbarining ushbu farmonidagi qoidalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

- Farmon nafaqat optimallashtirishga, balki xususiy tashabbuslarni yanada kengaytirish, ularga yangi istiqbollarni ochish maqsadida endi “qo‘l boshqaruvi”dan – aniq natijaga ishlaydigan tizimli boshqaruvga o‘tiladi, - dedi u. - Gap natijadorlikka asoslangan aqlli boshqaruv haqida ketmoqda. Uning zamirida insonga xizmat qilish, ularga sifatli va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni ularni rozi qilish g‘oyasi yotadi.

Davlat organlarining funksiyalari qayta ko‘rib chiqilishi, takrorlanuvchi, ishlamayotgan funksiyalar bekor qilinadi, ayrimlari xususiy sektorga o‘tkazilishini hamda respublika hamda hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlari funksiyalarining ochiq reyestri shakllantirilishi va yuritilishini ta’kidladi.

Bundan tashqari, vazir davlat budjetidan davlat boshqaruvi organlariga ajratiladigan mablag‘larning miqdorlarini belgilashda mazkur reyestrda nazarda tutilgan funksiyalar mezon sifatida inobatga olinishi haqida gapirdi. Bu borada funksiyalar yagona reyestrini elektron tarzda yuritish imkonini beradigan “Davlat funksiyalari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi yuritilishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Mavzuga oid