Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert, sobiq “Kamolot” YoIH Markaziy kengashi raisi Bahodir G‘aniyev Kun.uz’ga bergan intervyusida hukumat tarkibida o‘zgarishlar kuzatilganiga qaramay unda nega “yangi yuzlar” yo‘qligi, mamlakatda professional boshqaruv sinfi shakllanmayotgani — kadrlar muammosi haqidagi savolga ham javob berdi.
Bahodir G‘aniyevga ko‘ra, u oxirgi olti yilda mamlakat kadr siyosatida tubdan o‘zgarish bo‘lishini kutgan.
“Kutgandim, professional kadr xizmati chiqishini, “Davlat xizmatchisi to‘g‘risida”gi qonun vaqtliroq qabul qilinishini, davlat xizmatchilari bo‘yicha tizim joriy qilinishini, davlat xizmati uchun kadr tayyorlovchi bir-ikkita muassasalar xalqaro standartda ishlaydigan muassasalarga aylantirilishini. Chunki bularning o‘rni juda katta.
Bizda davlat boshqaruvi uchun kadr tayyorlaydigan muassasalar yo‘q. Hatto yaqin-yaqingacha oliy ta’limda ham davlat boshqaruvi yo‘nalishi yo‘q edi. Oddiy misol, rivojlangan davlatlardagi har bitta universitetda davlat boshqaruvi yo‘nalishlari bor. Shuningdek, bu universitetlarda sohalar bo‘yicha ixtisoslashgan tarzda kadr tayyorlanadi. Masalan, sog‘liqni saqlash, iqtisod bo‘yicha. Demoqchimanki, professional davlat boshqaruvi bo‘lishi uchun avvalo unga kadr tayyorlovchi muassasalar bo‘lishi kerak”, – deya o‘zining kutganlari hali amalga oshmayotgani haqida gapirdi G‘aniyev.
U, shuningdek, hukumatdagi so‘nggi o‘zgarishlar davomida vazirliklarga qo‘yilgan kadrlar o‘zi uchun yangilik bo‘lmaganini aytadi.
“Bunda yangi tarkib yo‘q. Bu yerda ko‘cha tilida aytadigan bo‘lsak, shashka o‘ynab qo‘ya qolishdi. O‘zgarishlarda yangi tarkib bo‘lsa, o‘sha sohaning ichidan chiqqan yangi yuzlar bo‘lishi kerak edi. Biz bu tarkibda yangi yuzlardan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovani ko‘ryapmiz, lekin u ham davlat tizimiga aylangan. Prezident ijod va ixtisoslashgan maktablar agentligini boshqargan. Xullas, ta’limda yurgan odam. Lekin qolgan hamma yuzlar o‘sha-o‘sha yuzlar-da.
Menda shunday tushuncha paydo bo‘lyaptiki, davlat rahbari yo o‘z kadr xizmatiga ishonmaydi yoki bu xizmat kadr topish vazifasini umuman bajarmayapti. Hozir kadrlar davlat rahbari shaxsan o‘zi ishini ko‘rgan, ishlashini bilaman, tortib ketsa kerak, deya umid bildirganiga qarab qo‘yilyapti.
Bu vazifalarga qandaydir katta tanlovlar orqali o‘tilmayapti. Bu xizmatning boshqa xizmatlari ham bor, lekin aynan rahbar kadrlarni tayyorlash va yetarli miqdorda ta’minlash vazifasini mutlaqo bajarmayapti. Chunki o‘sha joylarga qo‘yilayotgan shaxslar ichida yangi shaxslar umuman yo‘q.








