Inqiroz davrida narxlarni boshqarish: nimalarga e’tibor qaratish kerak?
MM «MUFEED MOLIYA» kanali asoschisi, xalqaro moliyachi Xondamir Nusratxo‘jayev moliyachilar narx belgilashda hisobga olinishi kerak bo‘lgan omillar haqidagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashadi.
Moliyachilar narx belgilashda (ayniqsa, inqiroz davrida) quyidagi omillarni hisobga olishi maqsadga muvofiq:
– Raqobatchilar yoki bozor yetakchilarining narxlari. Raqobatchilarning narxlari va qiymat takliflarini batafsil o‘rganish hamda narxni imkon qadar qanchalik qisqartirish mumkinligini aniqlash zarur;
– To‘g‘ridan to‘g‘ri xarajatlar asosida narxlash (tannarx). Ayniqsa, narxlarning oshishiga eng moyil bo‘lgan xarajatlar moddalariga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq. Shuningdek, to‘liq tannarxni tahlil qilish va minimal rentabellikni ta’minlaydgan narxni belgilash lozim. Sotish hajmini va doimiy xarajatlar miqdorini to‘g‘ri baholash muhimdir.
– Talab va taklifga asoslangan narx. Talabni tahlil qilishda marketologlar narx darajasining talab miqdoriga mos kelishini, ya’ni narx o‘zgarishi bilan talab qancha o‘zgarishini batafsil tahlil qilishlari muhim. Keyin moliyachi qaysi narx va hajmda maksimal foyda olinishini aniqlaydi.
– Moliyalashtirish xarajatlarini hisobga olish (moliyalash bo‘yicha foiz yoki marja). Bu, ayniqsa, debitorlik qarzlarni to‘lashda muammolar bo‘lganida yoki sotishning o‘sishi uchun bo‘lib to‘lashning ko‘payishi tufayli inqiroz davri yuzaga kelganida juda muhimdir. Shuning uchun, moliyachi mahsulot/xizmatning tannarxiga foiz/moliyaviy xarajatni qo‘shishi kerak bo‘ladi. Bunaqa qarz miqdorini moliyachi o‘zining aylanma siklini batafsil tahlil qilib, optimallashtirish orqali kamaytirishi kerak.
– Asosiy narx omillari iyerarxiyasida oxirgi o‘rin marja hisoblanadi. Biznes egalari va top-menejmentlar ancha moslashuvchan bo‘lib qoldi: endilikda ular ma’lum bir belgilangan marja/ustamalarga bog‘lanib qolmayapti. Bugungi vaziyat narxlashda moslashuvchanlikni talab qiladi.
Moliyachi inqiroz paytida yetarli vazifalarga ega. U har qanday yangi xususiyatlar, qiymat qo‘shimchalari va boshqa istaklar ro‘yxatini moliyaviy jihatdan asoslay olishi zarur. Qolaversa, ichki nizolar uchun yetarli darajada emotsional mustahkam bo‘lishi talab etiladi.
Bundan tashqari, moliyachi tarmoqlar bilan ishlasa, quyidagi parametrlarni tannarxga kiritishni e’tibordan chetda qoldirmasligi kerak:
- retro bonuslar (tarmoqlarga yetkazib beruvchilar tomonidan to‘lanadigan mukofot);
- marketing chegirmalari;
- merchandaysing va logistika xizmatlari uchun to‘lov;
- kirish bonuslari;
- o‘g‘irlikdan ko‘rilgan zarar.
Inqiroz sharoitida narxlarni boshqarish juda qiyin. Ammo ushbu usullardan foydalangan holda moliyaviy tartibni tiklash va asosiy omillar hamda noaniqliklarni nazorat qilish mumkin.
Xondamir Nusratxo‘jayev,
xalqaro moliyachi, MM “MUFEED MOLIYA” kanali asoschisi.
Mavzuga oid
12:10 / 20.10.2024
Dollar mustahkamlandi, Bitcoin va oltin narxi keskin qimmatlashdi - xalqaro moliya bozori sharhi
20:06 / 18.10.2024
O‘zbekiston moliya tizimi uchun qanday xatarlar bor?
13:37 / 06.09.2024
“Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritildi
12:09 / 25.08.2024