O‘zi nima gap?

10-15 yanvar kuni anomal sovuq kutilayotgani munosabati bilan ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi farzandi maktabgacha ta’lim tashkilotiga boradigan budjet tashkilotlarida ishlaydigan ayollarning ish vaqti ish haqi kamaytirilmagan holda qisqartirilishini ma’lum qildi.  

Bu uzaytirilgan ta’til evaziga vaqtincha tartib ekani aytilmoqda.  

Shundan so‘ng Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov ishlaydigan, oilali ayollar uchun ertalab ishga bir soat kechroq kelish va ish vaqtidan bir soat vaqtliroq ketishni rasmiylashtirish taklifini bildirdi.  

U bu bilan ayol xodimning ish samaradorligi sezilarli oshishi, oilada muhit o‘zgarishini aytgan. “Qolaversa, natija ko‘p ishlash emas, samarali ishlashning hosili ekanini hamma tan olmasa ham, juda yaxshi biladi”, – deb yozdi Qodirov.

“Ayollarga diskriminatsiyani yanada kuchaytiradi” – Dilbar Haydarova, bloger 

Alisher Qodirov berayotgan taklifi bir qarashda jozibali va kerakliday tuyilishi mumkin, ammo bu juda xavfli taklif. Bu xuddi bolaga konfet berib, uning qo‘lidagi boshqa o‘yinchoqlarini olib qo‘yishday gap.

Nega xavfli? Chunki bu ayollar diskriminatsiyasini yanada avjlantiradi. Har kuni bir soat kech kelib, bir soat oldin ishdan ketadigan ayolning karerasini ijobiy bo‘yoqlarda tasavvur qilish mushkul. Rahbar lavozimlarini-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Qolaversa, ko‘plab imtiyozlar avval davlat tashkilotlariga joriy qilinib, so‘ng xususiy sektorlarga yoyilishi sir emas. Bu esa shundoq ham ayollar ulushi kam bo‘lgan xususiy korxona tashkilotlarda jinsiy ayirmachilikni kuchaytirib yuboradi. 

Aslida, biz, ayollarga imtiyozlar kerak emas. Shunchaki ayol bo‘lganimiz uchun sun’iy to‘siq qo‘yilmasa, ishda jinsiga qarab emas, layoqatiga ko‘ra munosabat ko‘rsatilsa va albatta ma’lum bir ish uchun erkakka ham, ayolga ham teng haq to‘lansa, mana shunda ish samaradorligi ham, oiladagi muhit ham ijobiy tomonga o‘zgarib boradi.