O‘zbekistonda Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Uning nizomi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari quyidagi 2 ta yo‘nalish bo‘yicha sarflanadi:

  • 75 foizi barcha davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga;
  • 25 foizi tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga.

Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy rag‘batlantirishning quyidagi turlari qo‘llaniladi:

  • tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
  • yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
  • tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.

Oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.