“OTMdan 2 marta yiqildim...”

Farg‘onada akademiklar oilasida katta bo‘lganman. Aqlimni taniganimdan boshlab kitoblar bilan birgaman. Oilada o‘qishimizga juda qattiq turishgan. 7-8 yoshlarimdan boshlab onam bitta xonaga kiritib, ingliz tilidan lug‘atni yodlamagunimizcha chiqishga ruxsat bermasdi. O‘shanda xafa bo‘lgan paytlarim ham bo‘lgan, lekin hozir men uchun foydali bo‘lganini his qilaman.

6 yoshimda, hali maktabga chiqmasdan turib ingliz tilini o‘rganish uchun repetitorga berishgan. Onamning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi sabab bizni ham juda erta til o‘rganishga turli kurslarga yuborishgan.

Maktab payti ingliz tilidan turli olimpiada va tanlovlarga qatnashardim. Lekin aksar tanlovlarda tanish-bilishchilik, bilimlilarni o‘tkazmaslik holatlarini ko‘rib xafa bo‘lganman. Yoki maktabda ingliz tili o‘qitilsa ham, nega darslar sifatli emasligi, alohida o‘qituvchiga pul to‘lab o‘rganishga majbur ekanimni tushunmasdim.

Maktabni tugatib xorijiy til yo‘nalishida litseyda o‘qiganman. So‘ng OTMga xorijiy til yo‘nalishiga 2 marta hujjat topshirdim, har safar ingliz tilidan testni to‘liq yechardim, biroq tarix va rus tilidan testim pastroq chiqib kira olmaganman. Kirish imtihonlaridagi nohaqliklar (2012-2013 yillar) – ayrim abituriyentlarning testlarini xonadan olib chiqib ketib ishlab berishganlari kabi holatlar ham kayfiyatimga ta’sir qilgan.

“18 yoshda turmushga bermoqchi bo‘lishgan”

Ingliz tilini yaxshi ko‘rib o‘rganganim uchun chet elga chiqish istagim ham juda kuchli edi. Universitetga kira olmaganimdan keyin bu istagim yanada kuchaygan va shuning uchun imtihondan keyin Farg‘onaga qaytmasdan IELTS o‘qidim. Shu paytlari onamni xorijda o‘qish uchun ketishga ko‘ndirishga tayyorlay boshladim. Lekin onam rozi bo‘lsalar-da, boshqa ko‘p qarindoshlarim: buvim, bobomlar qarshi bo‘lishgan. Xorijda o‘qib nima qiladi, turmushga beramiz, deyishgandi. O‘shanda rosa hayron bo‘lganman, ular hammasi o‘qimishli, akademiklar bo‘la turib chetda o‘qishimni xohlashmagan.

Mening maqsadim esa har kuni nimadir yangi narsa o‘rganish, oldimga qo‘ygan aniq maqsadlarimni amalga oshirish. Chet elda o‘qish maqsadlarim orasida bor edi.

Shunday qilib 18 yoshimda Londonga ketdim. Bir yillik biznesga tayyorlov maktabida o‘qib, keyin Londondagi Southampton Solent University’ning xalqaro biznes boshqaruvi yo‘nalishiga o‘qishga kirganman. Shartnomam uchun uydan pul so‘ramasdim. Onam O‘zbekistondan kelayotganimda bag‘riga bosib “sizni otasiz katta qildim, o‘zingiz bildingiz qancha qiyinchiliklardan o‘tdik. Har bir ishni qilayotganingizda mana shular, sizni qancha qiynalib katta qilganim esingizda tursin, mening yuzimni yerga qaratmang”, deb jo‘natgan. Mana shu narsa doim yodimda bo‘lgan.