2022 yil yanvaridan sentabrigacha Turkiyaga deyarli to‘rt million rossiyalik kelgan. Butun o‘tgan yil davomida Rossiyaning 153 ming nafar fuqarosi Turkiyada yashash uchun ruxsatnoma oldi va bu borada birinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, 2022 yilda rossiyaliklar Turkiyada 16 mingdan ortiq uy va kvartira sotib oldi, bu so‘nggi olti yildagidan ham ko‘proq. Biroq, dekabr oyi oxiridan rossiyalik muhojirlarga Turkiyada vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma berish ommaviy ravishda rad etila boshlandi. Turkiya hukumati tomonidan cheklovlar bo‘yicha hech qanday rasmiy qaror e’lon qilinmadi. «Meduza» nashri Turkiyada muammolarga duch kelayotgan rossiyaliklar bilan suhbatlashdi.

Moskvalik Ivan Chernyavskiy Ukrainaga keng miqyosli bosqin boshlanganidan so‘ng, 2022 yil mart oyida Turkiyaga jo‘nab ketadi va aprel oyida Antalyada yashashga ruxsatnoma olish uchun notarial tasdiqlangan ijara shartnomasi va standart savollarga javob berilgan anketani migratsiya xizmatiga topshiradi.

«Tasdiqlashning o‘zi bir necha soat davom etdi va bir oy o‘tgach, men ikamet (yashash ruxsatnomasi) oldim. Hammasi juda oddiy va tez bitdi», deydi Ivan.

2022 yil 26 dekabrgacha rossiyaliklar yashash uchun ruxsatnoma berishning ommaviy rad qilinishiga duch kelmagan. Agar bu cheklovlar davlat tomonidan kiritilgan bo‘lsa, u holda bu ma’lum hududlarga nisbatan joriy qilinishi mumkin edi. Masalan, iyun oyida Antalya shahrining chet el fuqarolari soni umumiy aholi sonining 20 foizidan oshadigan bir qator tumanlarida yashash uchun ruxsatnomalar berish rasmiy ravishda to‘xtatildi.

Oktyabr oyida, Rossiyada safarbarlik boshlanib, migrantlarning yangi to‘lqini paydo bo‘lganidan so‘ng, turk banklari kartalarni rasmiylashtirishda Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun qo‘shimcha talablarni qo‘yishni boshladi, masalan, Turkiyada ishlash uchun ruxsatnoma, besh ming dollar depozit qo‘yish yoki 100 dollar komissiya to‘lash kabi.

Ammo 26 dekabrdan keyin, Ukrainadagi urush tufayli ko‘plab ruslarning yangi yashash joyiga aylangan Izmir va Fathiya shaharlarida bir necha kun ichidayoq Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga yashash uchun ruxsatnoma berish butunlay to‘xtatildi. Bu haqda «Meduza» nashriga Rossiya va Ukrainadan kelgan muhojirlarning Turkiyaga joylashishiga yordam beruvchi Rossiyaning «Totamtotut» kompaniyasi mutaxassisi Daniil Shaulov ma’lum qilgan.

«26 dekabrdan keyin Fathiya va Izmirda vahima boshlandi. U yerda haqiqatan ham yoqimsiz holatlar yuz bergan. Odamlar migratsiya xizmatiga kelishi bilanoq, ularga darhol rad javobi berilishi aytilgan. Ofitserlar hujjatlarga rad etish belgisini qo‘ymagan va odamlar boshqa hududlardan yashash uchun ruxsatnoma olishga urinib ko‘rishlari mumkin edi. Yo‘qsa ularga darhol mamlakatdan chiqib ketish sanasi belgilanardi», deydi Shaulov.