16-20 yanvar kunlari forumning 53-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ukrainadagi urush fonida geosiyosiy vaziyatning nihoyatda keskinlashuvi, iqlim inqirozi, savdo urushi hamda global inqiroz tahdidi kabi masalalar muhokama qilindi.

Iqlim o‘zgarishi va yashil energetikaga o‘tish

Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birolning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanadigan energiya manbalariga tezroq o‘tish borasidagi harakatlarni kuchaytirgan.

Fotih Birol
Foto: World Economic Forum

«Ushbu inqiroz toza energiya tarmog‘ining rivojlanishiga katta turtki berdi. Qayta tiklanadigan manbalar ulushi o‘sib bormoqda. Hozirgi kunda global muqobil energiya manbalari o‘sishining eng muhim omili bu energetika xavfsizligidir», dedi u.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin dunyodagi eng yirik energiya eksportchisi edi. Ammo rus gazining Yevropaga eksporti bosqichma-bosqich cheklangani va G‘arb davlatlari tomonidan joriy qilingan sanksiyalar Yevropa va butun dunyoni yanada ishonchli, mahalliy energiya manbalarini izlashga majbur qildi.

«Qayta tiklanadigan manbalar tinchlik energiyasidir. Energiya xavfsizligimizning uzoq muddatli yechimlari qayta tiklanadigan manbalar hisoblanadi», – deya qo‘shimcha qildi Birol.

Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatish

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina ittifoqchilarini ikkilanishni bas qilib, tezlik bilan Kiyevga barcha zarur qurollar, jumladan tanklar va havo hujumidan mudofaa tizimlari yetkazib berishga chaqirdi.

Volodimir Zelenskiy
Foto: World Economic Forum

«Erkin dunyo o‘ylashga ketkazayotgan vaqtni terrorchi davlat odamlarni o‘ldirishga sarflamoqda. Dunyo ortiq ikkilanmasligi kerak – bugun ham, kelajakda ham. Dunyoning safarbarligi bizning umumiy dushmanimizning navbatdagi harbiy safarbarligidan ilgarilab ketishi kerak. Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlash Rossiyaning navbatdagi raketa zarbalaridan tezroq bo‘lishi kerak. G‘arb tanklari yetkazib berilishi Rossiya tanklarining navbatdagi yurishidan oldin ro‘y berishi kerak», – dedi Zelenskiy.