Ijtimoiy so‘rovlar ham ikkinchi tur arafasida Petr Pavel (o‘ngda) Andrey Babish (so‘lda) ustidan g‘alaba qozonishini ko‘rsatayotgandi

Qariyb barcha saylov uchastkalarida ovozlar hisoblab chiqilgandan keyin Pavel 58 foiz ovoz olgan, uning raqibi Babish - 42 foiz atrofida. Saylovda davomat 70 foiz atrofida bo‘lgan.

62 yoshli Pavel Pragada o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zladi.

«Men bugun ko‘pchilik o‘z nomzodi g‘olib bo‘lmaganidan xafaligini tushunib turibman. Ammo men yana shuni ko‘ryapmanki, mamlakatimizda ovoz berganlar orasida mag‘lublar va g‘oliblar yo‘q. Men ko‘ryapmanki, bu saylovlarda haqiqat, qadr-qimmat, hurmat va kamtarlik kabi qadriyatlar g‘olib chiqdi. Ishonchim komilki, bu qadriyatlar oramizdagi ko‘pchilikka xos va bu qadriyatlarni kundalik hayot tarzimizning bir qismiga aylantirish va siyosatga qaytishga arziydi», degan u.

Pavel uning tarafdorlari mamlakatning barcha fuqarolarni bu qadriyatlarga qaytishga ishontirishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.

Petr Pavel saylovda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etdi va amaldagi hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Pavel kampaniya davomida qat’iy g‘arbparast yo‘nalishga amal qildi. Xususan, u urushga barham berish va Ukrainani ko‘proq qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanini bildirdi.

ANO markazchilar siyosiy harakati yetakchisi va parlamentdagi muxolifat rahbari bo‘lgan Babish ham mojaroga barham berish tarafdori, ammo hukumatni Ukraina manfaatlarini Chexiyadan ustun qo‘ygani uchun tanqid qiladi. 

U 9 mart kuni qasamyod qabul qiladi va prezidentlik lavozimida Milosh Zemanning o‘rnini egallaydi, Zeman Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qadar Moskva bilan aloqalarni kuchaytirishga harakat qilgandi. 2013 yildan buyon prezident bo‘lgan Zemen bu saylovlarda o‘ziga voris sifatida Andre Babishni qo‘llagandi.

Chexiyada prezident lavozimi Yevropadagi boshqa parlamentar respublikalarda bo‘lgani kabi - asosan tantanavor figura hisoblanib, siyosatga faqat bilvosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga, aynan u bosh vazir va markaziy bank a’zolarini tayinlaydi va Konstitutsiyaviy sudga sudyalarni taklif qiladi. Uning bayonotlari mamlakatning xorijdagi imijiga ta’sir ko‘rsatadi, Zeman bilan shunday bo‘lgandi, Rossiya Ukrainada boshlagan urushdan oldingi davrda u bir necha bor Kremlni maqtagan bayonotlari bilan jamoatchilikni hayron qilgandi.

Mamlakat siyosati, jumladan tashqi siyosatni avvalgi kabi o‘ng markazchi Petr Fiala hukumati belgilashda davom etadi, bu hukumat davrida Chexiya ko‘p miqdorda ukrain qochqinlarini qabul qildi va Ukrainaga faollik bilan harbiy yordam ko‘rsatdi.