Yevropa klublari transfer bozorida maksimum harakat qilishga kirishdi. 31 yanvar kuni qit’adagi aksar ligalarda qishki transferlar «oynasi» yopiladi, shundan keyin jamoalar tarkibni faqat yozga borib kuchaytirishi mumkin. Odatda bo‘lgani kabi, bir qator katta transferlar taqdiri so‘nggi kunda hal bo‘ladi. Quyida — bugun amalga oshishi mumkin bo‘lgan asosiy transferlar haqida.

Enso Fernandes, «Benfika» → «Chelsi»

Enso Fernandes. Foto: OCTAVIO PASSOS/GETTY IMAGES

Ensoning «Chelsi»ga o‘tishi yanvar oyi boshidayoq ro‘y berishi mumkin edi: argentinalik yarimhimoyachi Qatardagi jahon chempionatida yorqin ishtirok etgach, unga ko‘plab top-klublar nazari tushdi, ular qatorida «Liverpul» va «Chelsi» yaqqol ajralib turdi. Mersisaydliklar ko‘p o‘tmay poygani tark etdi, bu qishda eng faol klub bo‘lib turgan London jamoasi esa «Benfika»ga futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 120 mln yevro miqdoridagi badal pulini to‘lashga ham tayyorligi aytildi.

Keyin barchasi chalkashib ketdi. «Chelsi» goh buncha katta mablag‘ sarflashga ikkilandi, goh yana shu g‘oyaga qaytdi. Bir hafta oldin bu masala yopilgandek ko‘ringandi: Fernandesning agentlari va  «Benfika» vakillari futbolchi klubda qolishiga ishora qilishdi. Bunga parallel ravishda Enso klubga sadoqati uchun 2 mln yevro miqdorida mukofot puli olishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Yanvar oyi oxirida esa barchasi qaytadan boshlandi. Qayerdandir ushbu futbolchiga «Manchester Yunayted» va «Nyukasl»dan qiziqish bo‘layotgani haqida xabarlar chiqdi, shundan keyin «Chelsi» yana Ensoni sotib olishni istab qoldi, ammo bu safar futbolchi uchun so‘ralgan pulni to‘lashga chindan tayyor. The Guardian nashrining so‘nggi xabari shunday: London klubi APL uchun rekord darajadagi transfer amalga oshiradi, transfer uchun to‘lanadigan jami mablag‘ miqdori 130,5 mln yevroni tashkil etadi.

Nikolo Zaniolo, «Roma» → «Milan» / «Bornmut» / «Tottenhem»

Nikolo Zaniolo. Foto: ALESSANDRO SABATTINI/GETTY IMAGES

Zanioloda bu qishda odatiy transfer ertagi o‘rniga qandaydir kriminal drama kuzatilmoqda. Italiyalik 23 yoshli futbolchiga muntazam ravishda qaysidir klubdan qiziqish bo‘lardi, ammo shu vaqtgacha bunday xabarlar mish-mishlar darajasida qolib ketardi, bu qishda esa muayyanlik paydo bo‘ldi. Zaniolo Italiyada qolish va mahalliy top-klublardan biriga o‘tishni istaydi, ammo «Roma»ga Angliyaning kamtargina «Bornmut» klubi keldi va stolga 35 million yevrolik taklif tashladi. Futbolchi va uning agentini bunday istiqbol qoniqtirmaydi, rimliklar klubi bosslarining esa puldan boshi aylandi. Calciomercato.com xabariga ko‘ra, «Roma» xo‘jayini Den Fridkin Zanioloning qaroridan darg‘azab bo‘lgan va futbolchini klubdan chetlashtirish bilan tahdid qila boshlagan.