09:52 / 02.02.2023
7853

Bolgariya Golodomorni Ukraina xalqining genotsidi sifatida tan oldi

Bolgariya parlamentining Golodomor haqidagi qarorini izohlar ekan, Volodimir Zelenskiy buni tarixiy adolatning tiklanishi deb atadi.

Foto: Anadolu agency

Golodomor - 1932-1933 yillarda Ukraina aholisining ommaviy ocharchiligi - Bolgariya parlamenti tomonidan 1 fevral, chorshanba kuni Ukraina xalqining genotsidi deb tan olindi. O‘sha fojiali voqealar qurbonlarini xotirlash kunini har yili noyabr oyining oxirgi shanbasida nishonlashga qaror qilindi.

Qayd etilishicha, Bolgariya Milliy majlisining 136 nafar deputati Ukrainadagi ommaviy ocharchilikni genotsid deb tan olish tarafdori bo‘lgan. 26 kishi qarshi ovoz berdi, betaraf qolganlar kuzatilmagan.

2022 yil dekabr oyida Ukrainada 1932-1933 yillarda «sovet rejimining qasddan siyosati natijasida yuzaga kelgan» ocharchilik Yevropa parlamenti tomonidan genotsid sifatida tan olingan edi.

Avvalroq, 30 noyabrda, Ukrainada 26 noyabrda nishonlanadigan Golodomor qurbonlarini xotirlash kunida Germaniya Bundestagida ushbu voqealarni Ukraina xalqining genotsidi deb tan olish haqidagi rezolyutsiya matni kelishib olingan edi.

SSSRda 1932-33 yillarda Iosif Stalin davrida amalga oshirilgan qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirish natijasida mamlakatda millionlab odamlar qurbon bo‘lgan ommaviy ocharchilik boshlandi. Ukraina nuqtayi nazaridan, bu falokat sovet ittifoqi rahbariyati tomonidan ataylab qo‘zg‘atilgan.

Golodomor uzoq vaqtdan beri Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi asosiy bahs mavzusi bo‘lib keladi. Moskva Kiyevning bunday ommaviy ocharchilikdan faqat ukrainaliklar qurbon bo‘lgan degan fikrini rad etib, Markaziy Osiyo va Rossiyada ham millionlab odamlar ocharchilikdan aziyat chekkanini iddao qilmoqda.

1 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bolgariyaga «birdamlik ishorasi» uchun minnatdorchilik bildirdi va bu harakat millionlab Golodomor qurbonlari xotirasini hurmat qilish va tarixiy adolatni tiklashga xizmat qilishini aytdi.

O‘z navbatida, Rossiyaning Bolgariyadagi elchisi Eleonora Mitrofanova Milliy majlis qo‘mitasining tegishli tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan bolgariyalik deputatlarni tarixiy faktlarni ataylab buzib ko‘rsatganlikda aybladi.

Mavzuga oid
Top