07:52 / 02.02.2023
18886

Isroil Kiyevga «Temir gumbaz» tizimi yetkazib berishni istisno etmayapti

CNN boshlovchisining Isroil Kiyevga «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimini yetkazib berishi mumkinligi haqidagi savoliga javob berar ekan, Benyamin Netanyaxu bu masalani ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Foto: AP

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘z mamlakati Ukrainaga «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimini yetkazib berish imkoniyatini istisno etmayapti. 31 yanvar, seshanba kuni kechqurun (mahalliy vaqt bilan) CNN telekanaliga bergan intervyusida u: «Albatta, men bu masalani ko‘rib chiqyapman», dedi.

Shu bilan birga, u Qo‘shma Shtatlar Isroilda joylashgan artilleriya zaxiralarining bir qismini Ukrainaga topshirganini tasdiqladi va uning davlatining Eronga qarshi operatsiyalari, jumladan, Ukrainadagi urushda qo‘llanilgan qurollarni ishlab chiqaruvchi zavodlarni yo‘q qilishga qaratilganini aytdi. «AQSh Isroil o‘q-dorilarining ko‘p qismini olib, Ukrainaga topshirdi. Ochig‘ini aytganda, Isroil ham shunday yo‘l tutmoqdaki, men Ukrainaga qarshi qo‘llanilayotgan Eron qurollari ishlab chiqarishiga qarshi ishlarni sanab o‘tmayman», - dedi Netanyaxu.

Bir qator G‘arb davlatlari, shuningdek, Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Eron Rossiyaga jangovar uchuvchisiz uchoqlarni yetkazib bermoqda va ulardan Ukrainaga hujum qilish uchun foydalaniladi. Biroq Moskva va Tehron bunday hamkorlikni rad etdi.

Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarida Isroil vositachiligini izohlar ekan, Benyamin Netanyaxu o‘tgan yili ham shunga o‘xshash masala bilan murojaat qilganini va agar mojaroning har ikki tomoni hamda Vashington so‘rasa, bunday imkoniyatni ko‘rib chiqishini ta’kidladi. «Agar barcha tomonlar bu haqda so‘rashsa, albatta, men bunday imkoniyat haqida o‘ylayman. Lekin men o‘zimni majburlamayman (Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida vositachi sifatida)», deya qo‘shimcha qildi u.

«Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganidan keyin Isroil Moskva bilan munosabatlarida diplomatik muvozanatni saqlab qoldi», deb eslatadi CNN telekanali jurnalistlari. Garchi u bosqinni rasman qoralagan va muntazam ravishda gumanitar yuklar jo‘natgan bo‘lsa-da, Isroil hali Ukrainani qurol bilan ta’minlamagan.

Isroil «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimini taxminan 12 yil oldin qabul qilgan.

«Temir gumbaz» havo mudofaa tizimi radar va boshqaruv markazidan iborat. Ular kelayotgan raketalarni taniydi va bir necha soniya ichida ularning trayektoriyasi hamda mo‘ljallangan nishonni hisoblab chiqadi.

«Temir gumbaz» havo mudofaasi tizimining uchinchi elementi dushman raketalarini yo‘q qilish uchun qurilmalardir. Tizimning har bir blokida - 20 tagacha raketalarni chiqarishga qodir bo‘lgan uchtadan to‘rttagacha bunday qurilmalar mavjud. Dushmanni urib tushirish uchun mo‘ljallangan raketa faqat tizim turar joy hududiga qaratilganini hisoblagandagina uchiriladi. To‘xtatuvchi raketa hujum qilayotgan raketaga to‘g‘ridan to‘g‘ri tegmaydi, balki uning yonida portlaydi va shu bilan uni yo‘q qiladi. Shu bilan birga, osmondan tushgan ikkala raketaning parchalari xavf tug‘diradi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top