Bunday iskovuch itlar qanday tayyorlanishini bilasizmi? Ayniqsa xalq orasida narkotik topadigan itlar ataylab “narkoman” qilinishi haqida gap-so‘zlar yuradi. Bugun mana shular haqida hikoya qilamiz.
Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasiga qarashli xizmat itlari pitomnigida mas’ullar xizmat itlari qanday tayyorlanishi haqida so‘zlab berdi. Shu kuni ushbu ishga qiziqadigan talabalar ham kinologiya markaziga kelgan ekan.
Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Jamoat xavfsizligi xizmati, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jonibek Samandarovning hikoya qilib berishicha, itni tarbiyalash jarayoni metin iroda va uzoq vaqt talab qiladi.

— Xizmatga har qanday it olinavermaydi. O‘nlab kuchukvachchalar orasidan xodimlarimiz uning o‘ynoqiligi, chaqirganda e’tibor berishiga qarab tanlab oladi. Aytish joizki, bir itga faqat bir xodim biriktiriladi. Shu it qariguncha shu bir xodim bilan ishlaydi. Faqat it qarib, yaramay kuchdan qolganda, xodim boshqa kuchukvachchani olib tarbiyalay boshlaydi.
Itlardan inson qobiliyati yetmaydigan o‘rinlarda foydalaniladi. Shuning uchun ular mudom parvarish qilib boriladi. Itlarga Niderlandiyadan keltirilgan maxsus yemaklar beriladi. Ular doim veterinar nazorati ostida, — dedi J.Samandarov.

Pitomnikda to‘rtta yo‘nalishda xizmat itlari tayyorlanar ekan: narkotik moddalar qidiruvchi, portlovchi moddalar izlovchi, iz oluvchi va qo‘riqlovchi itlar.
Shu kuni yomg‘ir yog‘ayotganiga qaramasdan xodimlar ko‘rgazmali chiqish qilib berishdi. Dastlab xizmat itlari buyruqlarni qanday bajarishi ko‘rsatildi.
Nemis ovcharkasi zotli xizmat iti avval ovozli buyruqlarni, keyin imo-ishora bilan berilgan buyruqlarni adashmasdan bajardi. Belgiya ovcharkasi zotli xizmat iti esa akrobatik tryuklar, xodim bilan bir safda yurishni ko‘rsatib berdi.














