Jahon | 08:06 / 10.02.2023
10094
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda Nobel mukofoti laureati 12 yilga qamalishi mumkin

Belarusda davlat ayblovchisi Ales Belyatskiy uchun 12 yil, "Vesna" ishi bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar uchun 9 yildan 11 yilgacha jazo muddati so‘radi.

Ales Belyatskiy / Foto: Delfi

Minskning Leninskiy tumani sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi "Vesna" ("Vyasna") inson huquqlari markazi ishi bo‘yicha tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiyga 12 yil qamoq jazosi so‘radi. Ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar – "Vesna"ning advokati Vladimir Labkovich va tashkilot boshqaruvi a’zosi Valentin Stefanovich uchun mos ravishda 9 va 11 yillik jazo talab qilishdi, deb xabar berdi 9 fevral, payshanba kuni BelTA.

Chet elda bo‘lgan "Vesna" kengashining yana bir a’zosi Dmitriy Solovyov uchun davlat ayblovchisi 10 yil so‘radi. Solovyovning hujjatlari sudda alohida ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi.

Barcha holatlarda gap kuchaytirilgan rejimdagi koloniya haqida ketyapti. Bundan tashqari, davlat ayblovchisi sudlanuvchilarning har biri 5000 ta bazaviy hisoblash miqdori (1 ta bazaviy hisoblash miqdori = 37 Belarus rubli) miqdorida jarima to‘lashi kerakligini ta’kidladi.

Ayblanuvchilar "kontrabanda" va "ommaviy tadbirlarni tashkil etish yoki o‘tkazish tartibini takroran buzish" (Belarus Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi va 342-moddasi 2-qismi) bo‘yicha ayblanmoqda.

Ales Belyatskiy, Valentin Stefanovich va Vladimir Labkovich 2021 yilning iyulida hibsga olingan edi. Sud jarayonida ayblanuvchilar qafasda, qo‘llari kishanlangan.

Ales Belyatskiy eshituvlar chog‘ida Belarusda inson huquqlari himoyachilarining uzoq muddatli ta’qib qilinishi siyosiy sabablarga ko‘ra ekanligini ta’kidladi. Nobel mukofoti sovrindori Belarus Adliya vazirligi "Vesna"ni bir necha bor ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortganini esladi. Ayblanuvchilar o‘z ayblariga iqror bo‘lmadi.

Huquq faollariga ko‘ra, yanvar oyi oxirida Belarusda siyosiy mahbuslar soni 1500 ga yaqinlashgan.

Qamoqdagi Belyatskiy2022 yilda Rossiyaning "Memorial" tashkiloti va Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi bilan birgalikda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Bundan oldin DW nashriga bergan intervyusida Belarusdagi namoyishchilarni jinoiy javobgarlikka tortish bilan bog‘liq vaziyatni izohlar ekan, Belyatskiy repressiya darajasi haddan tashqari miqyosda ekanini aytdi. "Mamlakatdagi repressiyalar ko‘lami juda katta, bu Stalin davridan beri sodir bo‘lmagan. Buni hech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi", - dedi u.

Mavzuga oid