O‘zbekiston | 18:19 / 11.02.2023
10666
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda tabiatga yetkazilgan zarar uchun 40 mlrd so‘m jarima tayinlandi

Tabiat resurslari vazirligi ekologik nazorat va ekologik huquqbuzarliklar bo‘yicha hisobot berdi.

Foto: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

O‘tgan yili davlat ekologik nazorat tadbirlari davomida 45 300 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, tabiatga yetkazilgan zarar uchun 40 mlrd so‘m ma’muriy jarima tayinlandi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya boshlig‘i Adham Qurbonov ma’lum qildi.

Qayd etilishcha, 1409 ta holat bo‘yicha 5,8 mlrd so‘m jarima va tabiatga yetkazilgan zararni undirish va qonuniy chora ko‘rish uchun materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan. 36 ta holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Huquqbuzarlardan 300 dan ortiq hayvonot dunyosi obektlari, 6442 kg dorivor, texnik va ozuqabop o‘simliklar, 2433 kg baliq mahsulotlari, 550 dan ziyod inventarlar belgilangan tartibda olib qo‘yilgan.

446 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarda davlat ekologik nazorati tartibida tekshirishlar o‘tkazilib, 379 ta qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 437,8 mln so‘m jarima qo‘llanilgan. Atrof-muhitni ifloslantirgani uchun 50,2 mlrd so‘m qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlari hisoblangan.

Ekologik talablarga rioya etmagan 24 ta korxona faoliyati sud qarori bilan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar vaqtincha to‘xtatilgan.

Hududlarda noqonuniy tarzda daraxt va butalarni kesish, shuningdek, ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq 4673 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 7 mlrd so‘mdan ziyod jarima hamda 10 mlrd so‘mdan ziyod tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan. Bu ko‘rsatkichlarning aksariyat qismi, asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand hamda Toshkent viloyatlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid