To‘rt opa-singil, 7 yashar bola, 17 yoshli o‘smir – zilzilaning 7-kunida qutqarilganlar
6 fevral tongida Turkiya va Suriyada ro‘y bergan dahshatli zilziladan so‘ng yetti kun o‘tdi. Talafot ko‘lami kengligi, vayron bo‘lgan binolar ko‘pligi sababli vayronalar orasida qolib ketgan odamlarni qutqarish ishlari oson kechmayapti. Shunga qaramay hamon odamlar tirik holda topilmoqda.
152 soatdan so‘ng...
Turkiyaning janubi-sharqidagi Adiyaman shahrida opa-singillar – Robiya va Elif Qirmizilar zilziladan 152 soat o‘tib qutqarildi. Vayronalar ostidan 22 yashar Robiyaning ovozini eshitib qolgan qutqaruvchilar 8 soat davom etgan qutqaruv ishlaridan so‘ng uni yuqoriga chiqarib olishga muvaffaq bo‘lishadi.
Robiya shifoxonaga jo‘natilganidan yarim soat o‘tgach uning 28 yashar opasi Elif qutqariladi.
159 soatdan so‘ng...
Qutqaruvchilar G‘oziantep shahrining Nurdag‘i tumanida zilzila natijasida yer bilan yakson bo‘lgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi vayronalari orasidan inson ovozini eshitib qolishadi. Uzoq davom etgan qutqaruv jarayonidan so‘ng 17 yashar Saodat Jo‘shqin qutqarib olindi.
Vayronalar orasidan zambilda olib chiqilgan Jo‘shqin tez yordam mashinasida shifoxonaga yetkazilgan.
160 soatdan so‘ng...
Turkiyaning janubida joylashgan Hatay viloyatining ma’muriy markazi Antakya shahrida vayronalar ostida qolib ketgan ayol tirik holda qutqarildi.
Antakyaning Jabroil mahallasidagi ko‘p qavatli uyda yashagan ayolning yoshi va shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emas. Birinchi yordam ko‘rsatish uchun u tibbiyot xodimlariga topshirilgan va shoshilinch shifoxonaga olib ketilgan.
160 soatdan so‘ng...
Hataydagi O‘zkan turar joy majmuasi vayronalari orasidan birdaniga ikki kishi – 62 yashar Samet Genso hamda 60 yashar Seval Genso qutqarildi.
E’tiborlisi, ushbu ikki shaxs jon saqlab turgan joy o‘zbekistonlik qutqaruvchilarga tegishli xizmat iti tomonidan aniqlangan. Qutqaruv operatsiyasi O‘zbekiston, Meksika va Turkiya qutqaruvchilari tomonidan amalga oshirilgan.
161 soatdan so‘ng...
Hatayning Antakya shahridagi vayronalar orasidan 18 yashar Ramziya Oydin va uning 7 yashar singlisi Beray qutqarildi.
162 soatdan so‘ng...
Zilziladan keyingi yettinchi kunda 45 yoshli Chingiz Po‘lat qutqarildi. U 5 qavatli uyning birinchi qavatida rafiqasi va uch nafar o‘g‘li bilan birga yashab kelgan. Qulagan bino qoldiqlari orasida tirik qolgan Chingizning ovozini qutqaruvchilar eshitib qolgan.
5 soat davom etgan qutqaruv operatsiyasidan so‘ng erkak qutqarilib shifoxonaga yetkazildi. Qutqaruvchilar esa uning vayronalar orasida qolib ketgan oila a’zolarini vayronalar orasidan olib chiqish harakatida. Turk matbuotida ularning halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgan.
163 soatdan so‘ng...
Hataydagi vayronalar orasidan 7 yashar Mustafo zilziladan 163 soat o‘tib tirik holda topildi. Olqishlar ostida qutqarilgan bolakay tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
166 soatdan so‘ng...
Adiyamanda vayronalar ostida qolib ketgan 60 yashar Eringul O‘nder zilziladan 166 soat o‘tib tirik holda topildi. Manisa shahri hokimligi yong‘in xavfsizligi boshqarmasi qutqaruv-qidiruv guruhi uning tirikligini vayronalarni skaner qilish orqali aniqlagani aytilmoqda.
Inson tanasidan chiqadigan haroratni aniqlaydigan qurilma vayronalar ostida tirik jon borligini tasdiqlagach, bir necha soat davom etgan qutqaruv operatsiyasidan so‘ng ayol yuqoriga olib chiqildi. Bir hafta davomida vayronalar orasida qolib ketgan va buning oqibatida butkul holdan toygan Eringul O‘nder shifoxonaga olib ketilgan.
Umutların tükendiği anda Adıyaman ilimize bağlı Besni ilçesinden yüreğimizdeki ateşi bir nebze de olsun söndüren mucize bir haber aldık. İtfaiye ekiplerimizin olağanüstü çabasıyla depremin 166. saatinde Üzümlü Kent sitesinde Erengül Önder teyzemizi sağ salim kurtardık. pic.twitter.com/FZion6jt1i
— Cengiz ERGÜN (@cengizergun) February 12, 2023
167 soatdan so‘ng...
Antakya shahrida zilziladan 167 soat (bir soati kam 7 sutka) o‘tib bir erkak qutqarildi. Ahamiyatlisi, bu hududdan tirik jon topilishiga ko‘zi yetmagan qutqaruvchilar boshqa bino xarobalari tomon ketmoqchi bo‘lganda nihoyatda baland ovozda miyovlagan mushuk ularning diqqatini o‘ziga qaratgan. Keyinchalik mushukning egasi vayronalar orasida yotgani ma’lum bo‘ldi.
Matbuotda ismi keltirilmayotgan erkak oradan shuncha kun o‘tgan bo‘lsa-da tetik ekani bilan ko‘pchilikni hayratga solgan. U tashqariga olib chiqilgach zambildan tushib qutqaruvchilarni bag‘riga bosib rahmat aytgan. Qutqaruvchilar ayni paytda erkakning oila a’zolarining hayotini saqlash qolish harakatida.
Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, zilziladan keyingi 141–163-soatlar orasida kamida 41 kishi tirik holda qutqarilgan.
Mavzuga oid
21:37 / 22.11.2024
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
16:56 / 22.11.2024
Turkiyaga me’yordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgan o‘zbekistonliklar qamoqqa olinmoqda
23:12 / 19.11.2024
Isroilning keyingi nishoni Turkiyami?
11:40 / 19.11.2024