O‘zbekiston | 09:24 / 17.02.2023
5291
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston gaz-energetika bozoridagi kompaniyalar parlament oldida hisobdor bo‘lishi kerak – Bobur Bekmurodov

O‘zbekiston parlamenti xorijiy kompaniyalarni mamlakatdagi gaz-energetika bozorida ishlashga jalb qilish bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishi kerak, deb hisoblaydi Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu «har qanday ehtimoliy ta’sirlarning oldini oladi».

Bobur Bekmurodov / Foto: Kun.uz

Gaz va energiya ishlab chiqarish bozorida ishlayotgan kompaniyalar parlament oldida hisobdor bo‘lishi kerak. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov ma’lum qildi.

«Parlament bu borada mas’uliyat yukini olishi lozim. Gaz va energiya ishlab chiqarish bozorida ishlayotgan kompaniyalar parlament oldida hisobdor bo‘lishi kerak. Konlarga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish ishlariga Parlament ham mas’ul bo‘lishi — har qanday ehtimoliy ta’sirlarning oldini oladi. Buni qonunchilik bilan belgilash zarur», deydi Bobur Bekmurodov. 

U shu kunlarda muhokamada bo‘lib turgan - go‘yoki gaz konlarining boshqa davlat manfaatlariga berib yuborilganligi borasidagi muhokamalarga munosabat bildirdi.

«Birinchidan, surishtiruv manipulyativ va provokatsion xarakterga ega. O‘zbekiston siyosati mustaqil va milliy manfaatlar asosida olib borilmoqda. Bu ro‘y berayotgan global siyosiy jarayonlarga mamlakatimiz yondashuvlarida ham yaqqol ko‘rinmoqda. Dunyoning nufuzli siyosiy liderlari ham mamlakatimizning aynan mustaqil ichki va tashqi siyosatini e’tirof etmoqda. 

Ikkinchidan, gaz shartnomalari masalasida Prezidentimiz Murojaatnomada xalq pozitsiyasini qat’iy bildirdi. Gaz ishlab chiqarishga oldin berilgan barcha litsenziyalar qayta ko‘rib chiqiladi, milliy manfaatlar mezonidan o‘tkaziladi. 

Uchinchidan, Parlament bu borada mas’uliyat yukini olishi lozim. Gaz va energiya ishlab chiqarish bozorida ishlayotgan kompaniyalar parlament oldida hisobdor bo‘lishi kerak. Konlarga xorijiy kompaniyalarni jalb qilish ishlariga Parlament ham mas’ul bo‘lishi — har qanday ehtimoliy ta’sirlarning oldini oladi. Buni qonunchilik bilan belgilash zarur. 

Vanihoyat, jamoatchilik rasmiy idoralarga savollarni qo‘yishi to‘g‘ri, ammo axborot xurujlari vibratsiyasiga tushmasligi lozim», deydi «Yuksalish» umummilliy harakati raisi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda boshlangan demokratik islohotlar, iqtisodiyot modernizatsiyasi kursi izchil davom etishi, manipulyatsiyalarga jamiyat immuniteti shakllanishi obektiv zaruratdir.

Avvalroq «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati ERIELL va Enter Engineering kompaniyalariga berilgan neft va gaz sohasidagi yirik buyurtmalar yuzasidan izoh bergandi.

«Ozodlik» radiosi e’lon qilgan surishtiruvda bu ikki kompaniyaga 5 yil ichida 35 mlrd so‘m «tutqazilgani» ta’kidlangan edi. Rasmiylarga ko‘ra, «bu summaning teng yarmi havodagi, tagi yo‘q mablag‘».

Shuningdek, bu loyihalarga «budjetdan bir dollar ham ketmagani»ma’lum qilindi.

Mavzuga oid