Baxtiyor Sheraliyev so‘nggi 4 oydan buyon O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalaridan birida faoliyat yuritib kelayotgani, ungacha Xitoyda deyarli 5 yil davomida ilmiy tadqiqot ishi bilan band bo‘lganini ta’kidlab, ayni vaqtda unda Xitoy va O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini ich-ichidan solishtirish, muammolarning ildizi qayerda ekanini tushunish, ularni tashxislash imkoni borligini qayd etgan.

«Men O‘zbekistondagi oliy ta’limni borgan sari botqoqqa botib borayotgan tuzilmaga o‘xshataman. Chunki botqoqlikka tushib qolganda qancha ko‘p harakat qilsangiz, shuncha ko‘p botib boraverasiz. Sizni tashqaridan bir kuch kelib sug‘urib olmasa, o‘zingiz hech qachon botqoqdan chiqib keta olmaysiz. Oliy ta’lim tizimimiz ayni vaqtda mana shunday holatda ketmoqda», – deya yozadi u.

Muallif oliy ta’limdagi faoliyatni ikki qismga ajratgan: ilmiy tadqiqot va o‘quv jarayonlari.

«Ilmiy tadqiqot ishida oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari o‘z sohasi bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanadi, sohasining mavjud muammolariga ilmiy asoslangan yechim izlaydi. Bu borada maqolalar chop etadi, turli ilmiy anjumanlarda ishtirok etadi, sohasi bo‘yicha ma’lumotlarni saralab, tizimlab, o‘quv qo‘llanma yoki darslik ko‘rinishiga keltiradi va hokazo.

O‘quv jarayonida esa oliy ta’lim muassasasidagi talabalarga ma’lum fanlardan dars beradi. Ularning kelajakda ma’lum bir mutaxassislik bo‘yicha ixtisoslashuviga ko‘maklashadi.

Lekin ayni vaqtdagi oliy ta’lim tizimi ushbu ikki funksiyaning har ikkisini ham uddalay olmayapti. Nega?» — deb savol qo‘yadi yosh olim.

U muammoga sabab bo‘layotgan omillarni sanab o‘tgan.

Birinchi omil — karvonsaroyga aylanib qolgan universitetlar

«Qo‘polroq qilib tushuntiraman: ishi yurishmagan, qo‘lidan boshqa ish kelmaydigan, falonchining falonchisi, qisqasi, ilm-fandan ming kilometr uzoqlikdagi kimsa borki, bemalol universitetga ishga kira oladi. O‘zining bilimi haminqadar, pedagoglik mahoratidan tug‘ma movusolar borki, barchasi oliy ta’lim muassasalarida yig‘ilib qolgan. «Ha?» desa, «eplab ketadi, boshida o‘zi hamma qiynaladi va hokazo», deb qo‘yiladi.