Muratxan Egamqulov

Navoiy shahri hokimi Muratxan Egamqulov 2023 yil 21 fevral kuni shahardagi umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tuzdi.

Ishchi guruh a’zolarining aksariyati hokimlik xodimlaridan iborat. Jumladan, ishchi guruh raisi sifatida hokim o‘rinbosari I.Rahmatov, rais o‘rinbosari sifatida hokimlik Tashkiliy-kadrlar guruhi yetakchi mutaxassisi M.Shodiyev, ishchi guruh kotibi sifatida esa hokimlik yetakchi mutaxassisi R.Xo‘jamurodov ko‘rsatilgan. Ishchi guruh a’zolari shahar hokimi maslahatchisi F.Rahmonov, shahar moliya bo‘limi boshlig‘i A.Husanov, shahar aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori o‘rinbosari K.Xudayberganov hamda shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi kadrlar bo‘yicha mutaxassisi N.Ahmedovadan iborat.

Hujjatda ishchi guruh a’zolariga Navoiy shahridagi umumta’lim maktablari faoliyatini o‘rganish natijalari yuzasidan asoslantirilgan ma’lumot va hujjatlarni joriy yilning 28 fevral kuniga qadar hokimlikka taqdim etishi topshirig‘i qo‘yilgan.

Hokimning mazkur harakati Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi “Maktabgacha va umumta’lim tashkilotlari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga zid.

Mazkur qaror bilan “Umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda maktabgacha va umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlangan.

Yuqoridagi Nizomga ko‘ra, ro‘yxatdagi davlat organlari maktablarda o‘z vazifalari doirasida tekshiruv o‘tkazishga haqli. Masalan, Ichki ishlar vazirligi va uning voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi maxsus bo‘linmalari o‘quvchilar o‘rtasida nazoratsizlik hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga amal qilinishini o‘rganishi, voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilish masalalari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi mumkin.