Angrenda prokuror videomurojaatidan keyin o‘qituvchilar maktabni tozalashga chiqdi. Prokuror o‘qituvchilardan uzr so‘radi
Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahrida o‘qituvchilar vazifasidan tashqari ishga jalb etilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Tarmoqlarda Angren shahar prokurori Ulug‘bek Qobiljonov maktablardan birini ko‘zdan kechirayotgan vaqtda maktab hududi qordan tozalanmaganidan e’tiroz bildirgani aks etgan video tarqaldi.
«22-maktabdamiz, umuman tozalanmagan qordan. Mana 2-3 kundan keyin maktab boshlanadi. Umuman tozalanmagan. O‘qituvchilari ham yo‘q, oylik olib yotishibdi, bekordan bekor…
Hamma maktab o‘ziga xulosa qilsin. 4 ta sektor yuribmiz mana. Hokim – bosh, «nachalniy melisa»miz. Umuman tozalanmagan.
Xulosa qilinglar, bo‘lmasa biz xulosa qilamiz»,– degan prokuror o‘zi olgan videoda.
School English Teachers kanali dastlabki video ortidan prokuror tanqididan keyin o‘qituvchilar maktabni tozalashga chiqqani haqida istehzoli post qoldirgan va suratlarni e’lon qilgan.
«Prokuror so‘zi biz uchun qonun! O‘qituvchilar tozalamayapti deb tanqid qilgandan so‘ng, darrov o‘qituvchilar yetib kelib qorlarni tozalab tashlashdi. 4 ta sektordan o‘qituvchilarga yana kimning qanday buyrug‘i bor? O‘qituvchilar yig‘ilib turganda aytib olinglar. Oyligini halollab olishsin!» - deya kinoya qiladi muallif.
Maktabgacha va maktab ta’lim vaziri Hilola Umarova holat yuzasidan munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat Bosh prokuratura nazoratiga olingan.
«Bosh prokuratura rahbariyati bilan gaplashdim, holat ayni damda nazoratga olingan va o‘rganilmoqda. Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan pedagog xodimlarni xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini eslatib o‘taman.
O‘qituvchi qadrlanmagan yurt hech qachon taraqqiy etmaydi. Shu bois barchadan jumladan mutasaddi rahbarlarimizdan bugun davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan o‘qituvchilarni ulug‘lash va jamiyatda eng obro‘li inson qilish davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlab, bu borada eng avvalo o‘zimiz o‘rnak ko‘rsatishimizni so‘rab qolaman»,– degan yangi vazir.
Vazirlik matbuot xizmati prezident o‘qituvchilarning nufuzini oshirish borasida qator topshiriqlar berganini, «O‘qituvchini hurmat qilmaganni men ham hurmat qilmayman» degan so‘zlarini eslatgan.
Shuningdek, vazirlikning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida»gi Konvensiyaning (Jyeneva, 28.06.1930) 6-moddasiga asosan ma’muriyat amaldorlari, hatto ularning vazifasi ularga ishonib topshirilgan aholini qandaydir mehnat shakli bilan band qilishga ko‘maklashishdan iborat bo‘lsa-da, ushbu aholi yoki alohida shaxslarni xususiy shaxslar, kompaniyalar yoki tashkilotlar uchun ishlashga majbur qilishi mumkin emasligi haqida post qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Bosh prokuraturaga O‘zbekiston hududida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bu boradagi tekshiruvlar samaradorligini oshirish va majburiy mehnat holatlari aniqlanganda esa aybdor shaxslarga nisbatan tegishli javobgarlik choralarini qo‘llash tavsiya etilgan.
UPD: Keyinroq Toshkent viloyati prokuraturasi holat bo‘yicha rasmiy bayonot berib, Angren shahar prokurori faoliyatida yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortilgani haqida ma’lum qildi.
Shahar prokurorining o‘zi holatga izoh berib, o‘qituvchilardan uzr so‘ragan:
«Men Angren shahri prokurori — ikkinchi sektor rahbari Qobiljonov Ulug‘bek bo‘laman. O‘qituvchilarga chuqur hurmat saqlagan holda ulardan uzr so‘rab qolaman. Videom keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Maktabda tozalash ishlariga mas’ul ishchilar ham o‘z ishini bajarmaganini bildirib, buni bartaraf qilish lozimligini aytganman. Aslida men maktab hududini o‘qituvchi va murabbiylarimiz emas, balki ushbu ishga mas’ul shaxslar bajarishini tashkillashtirishni so‘raganman. Ushbu holatdan qattiq afsusdaman, o‘qituvchi va murabbiylardan uzr so‘rab qolaman», degan prokuror.
- Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabrida Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani haqida xabar bergandi.
- O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyeyoyev parlament va millatga murojaatida Konstitutsiyada o‘qituvchi maqomi, uning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlab qo‘yishni taklif qilgandi.
Mavzuga oid
08:50 / 19.11.2024
Uch hududda 671 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi
22:39 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisini zo‘rlaganlikda gumonlanib 8 kishi ushlangan – Bosh prokuratura
12:03 / 13.11.2024
Samarqandda maktab o‘quvchisi bir guruh shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketilib, zo‘rlandi
19:00 / 24.10.2024