Bolangizni jazolayotganda bu ishni uning xatosini anglatish uchun emas, aslida hech kimdan ololmagan alamzadaligingizdan qutulish uchun qilayotganingizni anglaysizmi? Ishingiz yurishmasligi, o‘zingizdan qoniqmaslik, turmushdagi yetishmovchiliklar... barcha hislar sig‘gan sabr kosangizga bolangizning birgina erkaligi, sho‘xligi sig‘maydimi?
«Azizim, Po‘rtaxol» asarini o‘qir ekansiz, beixtiyor farzandingiz bilan munosabatingizni taftish qilishni boshlaysiz. Asar qahramoni Zeze timsolida gavdalangan kichkintoyingizning sho‘xliklari aslida sizning e’tiboringizni tortish, mehringizni qozonish uchun qilinayotgan harakatlar ekanini anglab yetasiz.
Azizim, Po‘rtaxol (portugalcha: Meu Pé da Laranja Lima) — Joze Mauro de Vaskonselosning romani. Kitob birinchi marta 1968 yilda nashr etilgan va Braziliyadagi boshlang‘ich maktablar uchun adabiyot darslarida ishlatilgan. U AQSh, Yevropa va Osiyoda ham tarjima qilingan va nashr etilgan.
O‘zbek tiliga ilk marotaba Mirzohid Muzaffar tarjima qilgan bo‘lib, 2021 yilda «Faktor books» nashriyoti tomonidan nashr etilgan.
Mazkur asarga yozuvchi o‘zining hayoti, qashshoqlikda o‘tgan bolalik yillarini singdirib yuborgan. Qalbining tubida naq 20 yil saqlagan asarini yozuvchi 12 kunda qog‘ozga tushirgan (roman 224-betdan iborat).

Syujyet
Zeze — Rio-de-Janeyroning Bangu shahrida kambag‘al oilada yashaydigan yosh bola. Uyidagi hamma ro‘zg‘orga pul topish uchun band bo‘lgani sababli, Zeze odatda ukasi Luis bilan yolg‘iz qoladi. O‘zining xayolot dunyosidagi hayvonot bog‘i, gapiruvchi ko‘rshapalak va hindu do‘stlari bilan xayolan o‘yinlar o‘ynaydi.
Yoqimtoygina besh yoshli bolakayning sho‘xliklari, kattalar e’tiborini tortish uchun qilgan harakatlari ota-onasi va aka-ukalarining g‘azabini qo‘zg‘atadi, ular qilgan ishi uchun uni ayovsiz kaltaklashadi (tasavvur qilyapsizmi, besh yoshli mittigina bolakayni).
Zezening otasi ishdan bo‘shatilgandan so‘ng, butun oila nisbatan kichikroq uyga ko‘chib o‘tadi va u yerda aka-ukalarning har biri o‘zi uchun daraxt tanlaydi. Bog‘dagi barcha daraxtlar egallangach, Zeze xafa bo‘ladi. Lekin uning opalaridan biri Gloriya hovlining orqa tomonidagi kichik apelsin daraxtini tanlashni tavsiya qiladi.
Ukasining ko‘nglini ko‘tarish uchun opa hali navnihol bo‘lgan apelsin daraxtini maqtaydi. Dastlab, Zeze o‘z daraxtini yoqtirmaydi, lekin u daraxt bilan gaplasha boshlagach hammasi o‘zgaradi. Unga nom beradi va ikkalasi eng yaxshi do‘st bo‘lishadi.

















