Kema halokati «Italiya etigi» uchini aks ettiruvchi Kalabriyaning sharqiy sohilidagi Stekkato-Di-Kutro dengiz kurortiga yaqin hududda ro‘y bergan.

Italiya hukumati quruqlik va dengizda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv amaliyoti boshlagan.

«Ayni vaqtga kelib 80 kishi qutqarilgan, jumladan qayiq halokatga uchraganidan keyin sohilga qadar suzib kelganlar ham», deyiladi sohil xavfsizlik xizmati xabarida.

Ma’lum bo‘lishicha, bortida 150 nafarga yaqin odam bo‘lgan katta qayiq sohilga yaqinlashib, odamlarni tushirishga uringan vaqtda qoyaga urilib, halokatga uchragan.

O‘t o‘chiruvchilar va boshqa qutqaruv xizmatlari gidrosikllar yordamida suvda qolganlarni qidirmoqda, ammo qidiruv ishlarni noqulay ob-havo sharoiti qiyinlashtirmoqda.

Avvalroq Italiyadagi ANSA axborot agentligi plyajda 27 kishi jasadi topilgani, dengizda yana ko‘plab jasadlar borligini xabar qilgandi. O‘t o‘chiruvchilarning rasmiy telegram-kanalida 28 jasad aniqlangani haqida xabar berilgan.

Adnkronos axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, kema bortida Eron, Afg‘oniston, Somali va Pokistondan bo‘lgan mehnat muhojirlari ketayotgandi.

Ayrimlar halokatdan omon qolgan. Foto: SHUTTERSTOCK

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni hodisa yuzasidan «chuqur hamdardlik» bildirib, odamlar halokati uchun aybdorlikni odam savdogarlari zimmasiga  yuklagan.

«Bosh vazir Jorjia Meloni odam savdogarlari tufayli ko‘plab odamlar hayoti zavol topganidan qayg‘uda. Erkaklar, ayollar va bolalarning hayotini ular xavfsiz sayohat qilish umidida to‘lagan «chipta» narxiga almashish insoniylikdan emas», deyiladi uning idorasi bayonotida.

«Hukumat migrantlar sayohati, bu bilan birga shu kabi fojialarning oldini olish harakatlarini davom ettiradi, bu birinchi navbatda bu odamlar kelayotgan mamlakatlar bilan hamkorlikni talab etadi», deyilgan bayonotda.

«Bu noqonuniy migratsiya kanallariga qarshi qat’iy harakatlar zarurligini ko‘rsatgan ulkan fojia», degan Italiya ichki ishlar vaziri Matteo Pyantedozi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odam savdogarlari migrantlarga Yevropada «yaxshiroq hayot haqida xayoliy sarob» taklif etib, insonlar hayoti evaziga foyda ko‘rmoqda.

O‘tgan yili saylov kampaniyasida migratsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyasini namoyish etib, hokimiyatga kelgan Melonining o‘ng qarashlardagi hukumati Italiya sohillariga migrantlarni qo‘ymaslikka va’da bergan va shu kunlarda dengizda qutqaruv qoidalarini kuchaytiruvchi yangi qonunni qabul qildi.