AQSh prezidenti Jo Bayden 24 fevral kuni ABC telekanaliga bergan intervyusida Xitoy Rossiyaga harbiy qurollar yetkazib berishini «kutmayotgani»ni aytdi, ammo agar baribir bu sodir  bo‘ladigan bo‘lsa, Vashington tomonidan «javob» qaytarilishini va’da qildi. «Biz bu chegarani kesib o‘tganlarning har biriga jiddiy sanksiyalar qo‘llaymiz», — dedi Bayden.

Jurnalistning savoli Kreml Pekin bilan Rossiya armiyasi uchun kamikadze dronlar yetkazib berish masalasida muzokaralar boshlagani to‘g‘risidagi xabarlar fonida berilgan. Britaniya razvedkasi xabariga ko‘ra, Rossiyada Eron tomonidan ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish qurilmalari zaxiralari tugab bormoqda. Razvedka 15 fevral kunidan keyin Rossiya Ukrainada dronlar orqali hujum qilgani to‘g‘risida xabarlar kelmayotganiga asoslanib shunday xulosaga kelgan.

19 fevral kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken NBC telekanaliga bergan intervyusida Myunxen konferensiyasi doirasida XXR diplomatiyasi rahbari Van I bilan uchrashuv chog‘ida Xitoyning Rossiyaga qurol yetkazib berishi mumkinligi bo‘yicha masalani ko‘targanini aytgan. Xitoy tomoni bu intervyudan keyin amerikalik diplomatlarni «dezinformatsiya tarqatish»da aybladi.

Bir necha kun o‘tib Politico nashri AQSh Pekinga birgalikda bosim o‘tkazish maqsadida ittifoqchilar bilan Xitoyning Rossiyaga ehtimoliy yordami bo‘yicha ma’lumot almashgani haqida xabar berdi. Keyinroq nemislarning Der Spiegel jurnali gap 30 kilogrammdan 50 kilogrammgacha bo‘lgan jangovar kallakni olib yurishga qodir bo‘lgan ZT-180 kamikadze dronlari haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligini yozib chiqdi. Xabarda aytilishicha, Xitoy kompaniyasi bunday qurilmalarni Rossiya qo‘shinlariga aprel oyigacha yetkazib berishga rozi bo‘lgan. Keyingi qadam esa kerakli qismlar va texnologiyalar yetkazib berish bo‘lishi mumkin, bunday yordam evaziga RF o‘zi oyiga shu kabi 100 ta dron ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, Xitoydagi ishlab chiqaruvchi Su-27 samolyotlarini ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar taqdim etishga tayyorligi aytilgan.