Bloger Nikita Makarenko Telegram-kanalida tog‘-kon sanoatida ishlaydigan o‘quvchilaridan birining so‘zlari asosida Toshkentdagi changning asosiy sababi “Yoshlik I” koni ekani haqida yozdi.

“OKMK “Yoshlik I” konining yangi uchastkasida karer (ochiq usulda qazib olish) ishlarini boshlagan. U yerda har kuni portlatish ishlari olib borilmoqda. Bir necha yuz ming tonna tog‘ jinsi, asosan quruq loy va gips massasi havoga ko‘tariladi va bularning barchasi shamol bilan Toshkentga keladi”, – deya o‘z o‘quvchisining so‘zlarini keltirgan bloger.

Xabarda, pudratchilar bu vaziyatning oldini olish choralarini (filtrlar o‘rnatish, changga qarshi vositalar va boshqalar) taklif qilishgani, ammo OKMK bunga rozi bo‘lmagani, chunki buning uchun taxminan 150 mln dollar kerak bo‘lishi aytilgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati yuqorida keltirilgan fikrlarni rad etdi.

Rasmiy munosabatda aytilishicha, OKMK tomonidan “Yoshlik I” konida ustki qatlam ishlarini amalga oshirish va ruda qazib olish maqsadida burg‘ilash va portlatish ishlari me’yoriy talablarga muvofiq amalga oshirilmoqda.

“Shu bilan birga, kon ochish ishlari tog‘ jinslari, dioritlar va siyenito-dioritlar tub joylashuvlari, shuningdek rudalarni qazib olish uchun amalga oshirib boriladi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish zarurki, tub jinslarining qattiqligi Protodyakonov shkalasi koeffitsiyenti bo‘yicha kon maydonida IX dan XIV gachani tashkil qiladi.

Yer tuproq (loysimon) jinslarini qazib olishda burg‘ilash va portlatish ishlari olib borilmaydi, faqat tog‘ jinslarining ekskavatsiyasi olib boriladi. Kon maydonida gips jinslari yo‘q, changni bostirish uchun tosh massasiga suv sepish ishlari tashkil etilgan”, – deyiladi rasmiy axborotda.

Ma’lum qilinishicha,  “O‘zbekiston Respublikasining aholi yashaydigan hududlarida atmosfera havosini muhofaza qilishning sanitariya normalari va qoidalari”, “Rangli metallarni qazib olish uchun chiqindi to‘plash omborlari va shlamyig‘gichlar” nizomlariga muvofiq, 500 metrlik sanitariya muhofazasi zonasiga rioya qilinishi ta’minlangan.

“Yoshlik I” koni bo‘yicha shamol esishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Yoshlik I” koni Olmaliqning janubiy qismida, Toshkent shahridan 61,4 km masofada (azimut yo‘nalishi 333 gradus), undan shimolroqda joylashgan. Shamolning o‘rtacha yillik tezligi hududda 1,2 m/sekundga teng, uning ortib ketish ehtimoli 5% va 5 m/sekundgacha teng bo‘lishi mumkin.