Kun.uz maqolasida nodavlat ilmiy markazlar tomonidan “sertifikat biznesi” yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlanib, Toshkent shahar Ilg‘or tadqiqotlar markazi hamda “Research and publications” ilmiy nashrlar markazining e’lon va yozishmalari misol sifatida keltirilgan edi. Mazkur ikkita markaz maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.

Toshkent shahar Ilg‘or tadqiqotlar ilmiy markazi rasmiy munosabatida esdalik nishoni qo‘shimcha imtiyozga ega emasligi barchaga aytilganini ma’lum qilgan:

Markaz tomonidan 2023 yil 13 yanvar kuni xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, respublikadagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi markazlarning yetakchi mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Mazkur anjumanda innovatsion va ilg‘or tadqiqotlarni rivojlantirishning ilmiy yo‘nalishi bilan bog‘liq chora-tadbirlar ishlab chiqish va sohalarga tatbiq etish, shuningdek respublikada ilmiy tadqiqotlar sohasidagi ishlar bo‘yicha o‘zaro fikr almashinib, yosh tadqiqotchilarning tajribalari o‘rganildi. Muhokama etilgan masalalar va ularning yechimlari bo‘yicha esa xulosa hamda takliflar tayyorlandi.

Mazkur anjumanni yuqori saviyada tashkil etishda yaqindan yordam bergan hamkor tashkilotlarning mutaxassislari, ilm-fan sohasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ilmiy tadqiqotchi olimlar hamda anjumanning faol ishtirokchilarini munosib taqdirlash maqsadida anjuman doirasidagi esdalik nishoni ta’sis etildi. Mazkur esdalik nishoni o‘z nomi bilan esdalik nishoni ekani, uning qo‘shimcha imtiyozlari (maktab o‘qituvchilari yoki pedagoglarning attestatsiya va ustama bilan bog‘liq yoki boshqa maqsadlarda foydalanishi) mavjud emasligi anjuman axborot xati va e’lonlarda qayt etib o‘tilgan.

Anjuman ishtirokchilariga mazkur esdalik nishonlar ilmiy markaz tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Taqdirlanganlar orasidan turli tashkilotlarning ilmiy xodimlari, professor o‘qituvchilar, iqtidorli talaba yoshlar va ilmiy maqolasi tahrirdan o‘tkazilib, anjumanning ilmiy elektron nashriga tavsiya etilgan mualliflar o‘rin olgan. Maqola va tezis mualliflariga belgilangan tartibda ilmiy anjuman sertifikati taqdim etilgan. Mazkur sertifikat ham mualliflarning aynan mana shu anjumandagi ilmiy maqola yoki tezisi uchun berilganligi keltirilgan. Markaz xodimlari tomonidan maqola yoki tezis yozib berish xizmati mavjud emas va hech qachon bu kabi xizmatlar ko‘rsatilmagan”.