Dunyoviylik, yoki sekulyarizm – bu siyosiy hokimiyat va ma’muriy boshqaruvni tashkil qilishdagi tamoyil bo‘lib, uning tarixiy ildizlari tolerantlik-bag‘rikenglikka borib taqaladi. Ijtimoiy tinchlikni ta’minlash maqsadida, huquqiy-demokratik davlatlar ikkita asosiy vazifani bir vaqtda ta’minlash mas’uliyatini olishadi: har bir shaxsga vijdon va din erkinligini kafolatlash va ayni paytda, hammaning tengligini ta’minlashdir.
Bu vazifalarni amalga oshirish uchun, ikki muhim shart oldinga suriladi. Birinchisi, siyosiy hokimiyatning va boshqaruv ma’muriyatining barcha bug‘inlarini diniy pozitsiya va diniy institutlarga nisbatan neytralligini va ulardan ajratilganligi hisoblanadi.
Neytrallik deganda, davlatning har qanday vijdoniy qarashga, hoh u diniy bo‘lsin yoki bo‘lmasin, na yon bosmasligini, na unga qarshi faoliyat olib bormasligini nazarda tutadi. Ya’ni davlat barcha vijdoniy qarashlar va dinlardan masofada turadi, ulardan ba’zilarini pozitsiyasini davlat pozitsiyasi qilib olmaydi, va yoki, ularni ba’zilariga qarshi faoliyat olib bormaydi.
Dinlardan ajratilganligi deganda, davlat o‘zining legitimligini jamiyatdagi biron bir falsafiy qarash, diniy pozitsiya bilan bog‘lamaydi. Ya’ni jamiyatda diniy masalada turfaxillik bo‘lar ekan, davlat na diniy ko‘pchilikning va na kamchilikning tarafida bo‘ladi, o‘zining legitimligini ko‘pchilik yoki kamchilik bilan bog‘lamaydi, hammaga birdek huquqiy pozitsiyadan turib munosabat-muomala qiladi.
Har bir jamiyatning o‘tmishidan kelib chiqib, u yoki bu qadriyatni ma’lum trayektoriyada talqin qilish moyilliklari bo‘ladi. O‘zbekiston dunyo tarixida eng katta ateistik davlat hisoblanmish sobiq SSSR tarkibida bo‘lib kelgan. Ateizm – mafkuraviy va tashkiliy jihatdan o‘ta tajovuzkor mafkura sifatida, mustaqil O‘zbekiston jamiyati zehniyatida o‘z asoratlarini saqlab qolmoqda.
Bu asorat, birinchi o‘rinda demokratik-huquqiy davlatlar amaliyotida keng ildiz otgan “sekulyarizm” qadriyatini talqin qilishda seziladi. O‘zbekistonda, mutlaq aksariyat hollarda “dunyoviylik” davlatga/hokimiyatga/hukumatga emas, jamiyatga talab sifatida talqin qilinadi. Dunyoda “vijdon va din erkinliklari”, “huquqiy davlatchilik va sekulyarizm” borasida juda chuqur o‘ylangan va mantiqan asoslangan tamoyillar shakllangan.
Bu tamoyillarda deyarli universal mantiqni kuzatish mumkin. Yuqorida aytilgani kabi, bu mantiqning zamirida, bir tomondan shaxs va jamiyatning imkon qadar erkin bo‘lishi, va bu erkinlik chegaralari faqatgina boshqa shaxs erkinliklari sarhadida tugashi nazarda tutiladi.
Ikkinchi tomondan, shaxslarning tengligini ta’minlash nazarda tutiladi. Boshqacha qilib aytganda, “sekulyarizm”, “dunyoviylik” tamoyilining birinchi va markaziy talabi – ma’muriyatga, hokimiyatga, hukumatga qaratilgan bo‘lib, davlatning dinlarga va falsafiy qarashlarga nisbatan neytral bo‘lishi nazarda tutiladi.


















