Özbekistonning birinçi ma’muriyati: “Qattiqqöl bölmasam, xalqni tiyib turolmayman” deb hisobladi. Surunkali qatağonlarga uçragan jamiyat esa davlatga işonmay qöydi. Davlat va jamiyat bir-biridan qörqib yaşadi: na xalqda, na hokimiyatda halovat bor edi... “5 daqiqa”ning bu sonida taniqli siyosatşunos Kamoliddin Rabbimovning “Erkin millat poydevori” asari haqida gaplaşamiz.

“Söz va fikr erkinligi har qanday hukumatga real vaziyatni bilib turiş imkonini beradi. Hokimiyatlar, amaldorlar: “Biz söz erkinligisiz ham vaziyatni yaxşi bilamiz”, deyişi mumkin, lekin bunday fikrlaş xato ekanini yaqin tarix juda köp marta isbotladi. Söz va fikr erkinligi har kuni önlab, balki yuzlab qarorlar qabul qiladigan amaldorlarga manipulyatsiyadan qoçiş, axborot manbalarini diversifikatsiya qiliş, vaziyatga har tomonlama nazar taşlaş imkonini beradi. Jamiyatdagi muhokamalar esa ğoya va yeçimlar taqçilligining oldini oladi”, – deya yozadi Rabbimov.

Asarda bu şu kabi köplab foydali mulohazalarni uçratiş mumkinki, har biri kundalik hayotimizdan olingan va şunçaki, eskiça nazariy qaraşlar emas, degan bölardim.

Tan oliş kerak, uşbu kitobga muallif böliş ham, bu mavzuda oltin örtaliqni topib gapiriş ham oson emas. Çunki siyosatşunos köpçiligimiz uçun hali sovib ulgurmagan keçagi ma’muriyat va ayni paytda biz içida yaşab turgan hukumat haqida gapirgan, juda çuqur tahlillarni bergan.

Rabbimovga köra, XX asr davomida özbek xalqi bir neça bor qatağonga uçradi, oğir totalitar tajribani boşdan keçirdi. Bu fojialar asrida millat ruhiyatiga qörquv çuqur singib bordi. Davlat va xalq tomonidan sodir bölgan kelajak xatolarning aksariyatiga aynan öşa qörquv sabab böldi.

Davlatdan qörqiş va unga işonmaslik kayfiyati Özbekiston ijtimoiy tafakkurining markaziy xususiyatiga aylanib ulgurdi. Muallif bu holatni aka-ukadek bir-biriga yaxşi taniş, biroq özaro ittifoqlaşa olmaydigan oğaynilarga öxşatadi. Bir tomondan, davlat “xalqqa işonsam, u meni zaiflaştirişi, ağdarişi mumkin” degan xavotirda yaşagan bölsa, jamiyat “davlat doimo meni bosib kelgan, uni yengmay turib, erkin bölolmayman”, degan munosabat bilan şakllandi.

Biroq dunyo miqyosida ham davlat uçun eng zaif holat – bu öz jamiyatiga işonmaslikdir, deydi muallif. Jamiyatidan qörqadigan davlatlar aksariyat holda taşqi homiy yoki “katta oğa”lardan tayanç izlaydi. Aksinça, jamiyatiga suyana olgan, xalq irodasiga tayangan davlatlar qudratli va barqaror böladi. Özbekiston misolida birinçi ma’muriyat davri aynan işonçsizlik oqibatida zaiflaşgan davlat va böşaşgan jamiyat manzarasini namoyon etdi.