O‘zbekiston | 16:31 / 04.03.2023
34515
2 daqiqa o‘qiladi

Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosiga yangi rahbar tayinlandi

2020–2023-yillar mobaynida ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan general-mayor Shuhratjon Sobirov ushbu lavozimni egallagan.

Shuhratjon Sobirov/Foto: IIV axborot xizmati

So‘nggi uch yil davomida Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida general-mayor Shuhratjon Sobirov Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz manbalari xabar bermoqda.

Muqaddam Andijon viloyati IIB boshlig‘i bo‘lib ishlagan Shuhratjon Sobirov ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosarligidan Toshkent IIBB rahbarligiga o‘tkazilgan Aziz Toshpo‘latov o‘rnini egallagandi.

O‘zbekiston prezidentining 2023 yil 22 fevraldagi qaroriga asosan  polkovnik Shavkat Rahmonov Po‘lat Bobojonovning birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimida ish boshlagan, biroq Shuhratjon Sobirovning keyingi faoliyati haqida ma’lumot berilmagandi.

2021 yildan buyon Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosiga polkovnik G‘anijon Alimuhammedov rahbarlik qilib kelayotgandi.

G‘anijon Alimuhammedov (suratda o‘ngda) Foto: IIV axborot xizmati

Eslatib o‘tamiz, xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti – Interpolga 1923 yili asos solingan. Bosh qarorgohi Fransiyaning Lion shahrida joylashgan.  1949 yilda BMT tomonidan Interpolga hukumatga qarashli bo‘lmagan tashkilot maqomi berilgan. Bugungi kunda tashkilotga 195 mamlakat a’zo hisoblanadi.

O‘zbekiston Interpolga 1994 yilda a’zo bo‘lgan va IIV tarkibida Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tashkil etilgan. Byuro rahbari ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Mavzuga oid