Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi shu kunlarda internetda qatli aks etgan jangchi shaxsini ochiqladi. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, bu 30-alohida mexanizatsiyalashgan brigada harbiy xizmatchisi, 1982 yilda tug‘ilgan Timofey Nikolayevich Shaduradir. U Baxmutdan shimoldagi janglardan so‘ng 2023 yil 3 fevraldan buyon bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgandi.

Brigada qo‘mondonligi bayonotida aytilishicha, uning jasadi Rossiya Federatsiyasi nazoratidagi hududda qolmoqda.
«Harbiy xizmatchimizning jasadi vaqtincha bosib olingan hududda qolmoqda. Shaxsning yakuniy tasdiqlanishi jasad qaytarilganidan va tegishli ekspertizalar o‘tkazilgandan so‘ng belgilanadi», — deyiladi knyaz Konstantin Ostrojskiy nomidagi 30-alohida mexanizatsiyalashgan brigada qo‘mondonligi xabarida.
«Qahramonimiz uchun qasos olinishi muqarrar», deya va’da qilgan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi.
Ammo jurnalist Yuriy Butusov o‘ldirilgan askar - boshqa odamligi, u Nejin shahri hududiy mudofaasining 163-bataloni jangchisi, mergan Oleksandr Marsiyevskiy bo‘lganini aytgan. Butusovning so‘zlariga ko‘ra, quroldoshlari uni videodagi yuzdan tanishgan.
Jurnalist isbot sifatida otib o‘ldirilgan asirning o‘ng qoshi tepasiga plastir yopishtirilganini keltirgan. Uning hayotligida tushgan suratida ham bu jarohatni ko‘rish mumkin.

Uning tanasi fevraldayoq uyga qaytarilgan. Batusovning aytishicha, Marsiyevskiyning morgdagi jasadini ko‘rgan va tanasining videoda o‘q uzilgan joylarida o‘q izlari bo‘lgan. Endi katta ehtimol bilan o‘lim tafsilotlarini aniqlashtirish uchun eksgumatsiya amalga oshiriladi.
O‘z navbatida, Ukraina mudofaa vazirligi fuqarolarni Ukraina qurolli kuchlari askarining rossiyalik harbiylar tomonidan qatl qurboniga aylangani munosabati bilan hamdardlik ko‘rsatishga chaqirdi. «O‘lganlar va ularning oila a’zolari, birinchi navbatda, hurmat qilinishi kerak», — deb yozdi mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Facebook'da. U «ijtimoiy tarmoqlar va odoblilik bir-biriga mos kelmasligini» ta’kidlab, marhumning shaxsi rasman tasdiqlanguncha kutishga chaqirdi.
Ukrain harbiy asiri qatl qilinishi videosi. Bu haqda nimalar ma’lum?
















