Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov O‘zbekistonga amaliy tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Kaktus.media xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, suv energetikasi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama etilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 26-27 yanvar kunlari Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosi haqida so‘z yuritildi.
Japarov va Aripov 2023 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston bosh vaziri Qirg‘iziston-O‘zbekiston strategik sherikligini mustahkamlash va kengaytirish, tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istagini tasdiqladi.
«O‘zaro tovar ayirboshlashda 2 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishish va yirik qo‘shma loyihalar, xususan, Qambar-Ota 1 GES, «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishini tezkorlik bilan amalga oshirish tarafdorimiz», dedi Aripov.















