Prezidentning 2022 yil aprel oyidagi qaroriga asosan, Xalq banki Markaziy bank bilan birgalikda 2022 yilning 1 oktyabriga qadar xorijdan 1 800 ta bankomat olib kelishi kerak edi. Bu bankomatlar hududlar, shu jumladan, olis tumanlarda o‘rnatilishi reja qilingandi.

Kun.uz Uzcard va Humo integratsiyasiga oid qaror qabul qilinib, bu chora bankomatlar joylashgan nuqtalarni ko‘paytirishga yordam berishi aytilganidan keyin, oldin qabul qilingan qaror ijrosi avval qanday bo‘lgani bilan qiziqdi.

Xalq banki matbuot xizmatining bizga ma’lum qilishicha, 2022 yil 29 martdagi 20220207-sonli shartnomaga asosan Xalq banki tomonidan Markaziy bank bilan hamkorlikda “SPECTRUM Security Safety Kft” tashkiloti orqali Vengriyadan bozor narxida 1 800 dona bankomat olib kelingan va hududlarga to‘liq o‘rnatilgan.