Bugun, 13 mart, dushanba. Og‘ir o‘tgan qishdan keyin va nihoyat, bahorning bayramlarga boy ilk oyi va shu oyning ikkinchi o‘n kunligi o‘tib bormoqda.
Albatta, ko‘pchilikda qishdan keyin kayfiyat ham bahorga moslashib, ochilib, biroz yaxshilanib qolgandir. Harholda tund qishdan ko‘ra bahorni yaxshi ko‘radiganlar ko‘proq bo‘lsa kerak.
Gapni bejiz kayfiyat mavzusidan boshlamadik. Chunki insonda kayfiyatning qanday ekani uning butun faoliyati, atrof-muhitdagi voqealarga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.
Masalan, yaxshi kayfiyat shaxs, guruh, jamoada ishchanlik, hamkorlik, iliq ruhiy muhitni, samimiy muomalaning kafolati bo‘lsa, kishining noxush kayfiyatda yurishi — uning turmushida muammolar yuzaga kelganidan, halovati buzilganidan dalolat beradi.
Ana endi shu kayfiyatni shaxsdan jamiyatga ko‘chirib ko‘rsak, qanday bo‘ladi? Jamiyatga xos umumiy kayfiyat bugun qanday, uni nimalar bezovta qiladi-yu, nima xursand qiladi?
Kun.uz muxbiri shu savollar atrofida taniqli faylasuf Viktor Alimasov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan intervyu o‘tkazdi.
— Viktor aka, faylasuf insonsiz, Kamoliddin aka, siz siyosatshunos. Sizlarning jamiyatga, odamlarga, ularning kayfiyatiga qarashingiz, undan xulosalaringiz oddiy odamlarnikiga qaraganda boshqacha. Shu ma’noda bugungi intervyu orqali sizlarning o‘zbek jamiyati va undagi odamlar kayfiyati borasidagi fikrlaringiz qiziq.
Xo‘sh, shu kunlarda aytaylik, so‘nggi 3-5 yilda o‘zbek jamiyati kayfiyatida nimalar e’tiboringizni tortyapti, odamlarda qanday kayfiyat ustuvor?
Viktor Alimasov:
— O‘zim ruhiyat tomondan tushkunman. Yozayotgan narsalarimda ham tushkunlik seziladi. Ammo mening bu ruhim jamiyat kayfiyatini ifoda etolmaydi, o‘zimga taalluqli. Keyingi 3-4 yil ichidagi o‘zgarishlarni kuzatsam, menda optimistik qarash paydo bo‘lganini sezyapman. Yo‘lda kelayotganimda, yoshlar bir-biriga hazil qilyapti, bahoriy kayfiyat buni yanayam bo‘rttirib ko‘rsatyapti. Demakki, yoshlarda kelajakka, hayotga, sevgiga ishonch bor.
Mening nazarimda, jamiyatimizda so‘nggi yillarda iste’molchilik kayfiyati kuchayib qoldi. Iste’molchilar jamiyatiga aylanib boryapmiz. Supermarketlar, do‘konlar to‘la. O‘zim ham bir kun nimadir olmasam, turolmayman. Tadbirkorlar sinfi bizni iste’molchilikka o‘rgatib qo‘yyapti. Kayfiyatimiz ham shunaqa. Bundan qochib qutulolmaymiz. Ammo buning yomon tomoni mavjud: yoshlar iste’molchilikka ko‘proq o‘rganib qoladi, tayyorga ayyor bo‘ladi. Biz bunday avlodni emas, yaratuvchi, faol avlodni shakllantirishimiz kerak.

















