Qorabog‘ hamon qaynoq nuqtaligicha qolmoqda. Shu kunlarda armanlar va ozarboyjonlar o‘rtasida yana otishma bo‘lgan. Yerevan va Xonkendini bog‘lovchi yagona yo‘l — Lochin yo‘lagidan hamon blokada olinmagan. Boku tomonidan mintaqaviy beqarorlik yaratishda ayblangan biznesmen Ruben Vardanyanning vazirlikdan olinishi ham yordam bermadi.

Nega Qorabog‘ urushidan ikki yil o‘tib, Ozarboyjon va Armaniston hamon sulh shartnomasini imzolay olishmayapti. Pat vaziyatdan chiqish imkonlimi? Bu haqda Republic rossiyalik kavkazshunos va siyosatshunos Nurlan Qosimov intervyusini e’lon qildi.

— So‘nggi haftalarning eng shov-shuvli yangiligi Tog‘li Qorabog‘ davlat vaziri, rossiyalik milliarder Ruben Vardanyanning iste’fosi bo‘ldi. Bu nima edi? Axir u Qorabog‘dagi armanlar nazorati ostidagi yerlarni rivojlantirish uchun ulkan rejalar qurayotgandi…

— Avvaliga, Vardanyanning shu lavozimga tayinlanishiga sabab bo‘lgan kontekstni anglab olish kerak. Ikkinchi Qorabog‘ urushidan so‘ng Boku va Xonkendi norasmiy muzokaralar o‘tkazayotgan, lekin ular ochiq e’lon qilinmayotgandi. OAVda mulozimlar va harbiylar uchrashib, umumiy muammolarni hal qilishga kirishgani haqidagi axborotlar sizib chiqa boshladi. Masalan, Sarsang suv omboridan birgalikda qanday foydalanish, gaz ta’minotini tartibga solish borasida. Bu masalalarga yechim ham topilgan.

Janubiy Kavkazda barcha siyosiy jarayonlarni o‘z nazoratiga olgan Rossiya bu noformal aloqalarni yoqlamayotgandi. Tomonlar bu formatni hech kim bilan kelishmagan va bu Kremlni g‘azablantirayotgandi. Vardanyanning hududga jo‘natilishi bu «o‘zboshimchalik»ka javob bo‘ldi. O‘zini Tog‘li-Qorabog‘ Respublikasi deb atovchi joyda vazir bo‘lgach, rossiyalik biznesmen muzokaralarda qatnashgan harbiy Balasanyanni ishdan bo‘shatdi. Bu bilan Moskva Boku va Xonkendiga uning ortidan ish qilish qanday oqibat keltirib chiqarishini ko‘rsatib qo‘ydi.

Vardanyan — Kremlning «troya oti» ekanini avval boshdan nafaqat Bokudagilar, balki Yerevandagilar ham juda yaxshi bilib  turishgan edi.

Ruben Vardanyan Kremlning «troya oti» edi. Foto: politryk.ru

Garchi oligarxning o‘zi Rossiya rahbariyati bilan yaqin aloqalarini rad etib kelgan bo‘lsa-da, Rossiyada dollar hisobidagi milliarder bo‘lish Kreml atrofidagi oliy lavozimdagi tanishlar yordamisiz mutlaqo imkonsiz ekani o‘z-o‘zidan tushunarli.