Rostov oblasti gubernatori Vasiliy Golubevning so‘zlariga ko‘ra, «Rostov oblastidagi Rossiya FXX (FSB) chegara qo‘shini boshqarmasi xo‘jalik xonalari»da yong‘in sodir bo‘lgani haqidagi signal soat 12:25 da olingan.
Golubevning ta’kidlashicha, hodisaga bino ichidagi elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. «Yong‘in kengayib borayotgani yoqilg‘i-moylash materiallari solingan konteynerlarning portlashiga sabab bo‘ldi. Yong‘in 800 kvadrat metr maydonga tarqaldi, natijada ikkita devor qulab tushdi», deb yozdi gubernator.
FXX «Rostov-na-Donu shahridagi FXX chegara qo‘shini garajida sodir bo‘lgan portlash yoqilg‘i-moylash materiallari alangalanishi natijasida sodir bo‘ldi», deb da’vo qilmoqda. Hodisa oqibatida «jabrlanganlar bor», deb ma’lumot berdi xavfsizlik xizmati.
161.RU nashri huquq-tartibot tuzilmalaridagi manbaga tayanib, garajda o‘q-dorilar portlagani haqida xabar berdi. Manbaga ko‘ra, shundan keyingina yong‘in yoqilg‘iga o‘tgan.
TASS xabariga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Gubernator Golubevning yozishicha, «bir jabrlanuvchi o‘rtacha og‘irlikda shifoxonaga yotqizilgan». Yong‘inga ikkinchi murakkablik darajasi berildi, qo‘shni uylardan biri va yaqin atrofdagi talabalar turar joyi evakuatsiya qilindi.

Voqea guvohlaridan birining aytishicha, mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da yong‘in mahalliylashtirilgan (buni FVV ham tasdiqlagan), ammo hali o‘chirilmagan. Voqea joyiga yaqinlashish va kirish yo‘llari to‘silgan, politsiya mashinalari bor. Olomon endi tarqalmoqda: kordon saqlanib qolgan, ammo politsiyachilar unchalik ko‘p emas.
Yong‘in yaqinida yashovchi yoki ishlayotgan yana bir necha kishining aytishicha, ish kuni o‘rtasida to‘satdan qattiq portlash ovozi eshitilgan, uylarning derazalari silkingan. Keyin yana bir necha portlash yuz bergan, ammo sekinroq va zaifroq.
Yana bir guvohning aytishicha, portlashdan bir necha daqiqa o‘tgach, u hovlisiga yugurib chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oldin sukunat cho‘kkan, keyin portlash sodir bo‘lgan, tutun ko‘tarilgan. U panjara tomon yugurgan va devorning kichik bir qismi vayron bo‘lganini ko‘rgan.

















