Angliya: «Tottenhem» uchun triller, «Arsenal» oradagi farqni oshirmoqda

Sauthempton – Tottenhem 3:3
Gollar: 0:1 – 45 Porro, 1:1 – 46 Adams, 1:2 – 65 Keyn, 1:3 – 74 Perishich, 2:3 – 77 Uolkott, 3:3 – 90+3, penalti Uord-Prouz.
Sauthempton – Bazunu, Uoker-Piters, Bednarek (Meytlend-Naylz, 34), Bella-Kochap (Salisu, 8), Perro, Armstrong (Alkaras, 70), Elyunussi (Sulemana, 70), Uord-Prouz, Lavia, Uolkott, Adams (Mara, 70).
Tottenhem – Forster, Porro (Emerson, 86), Dayyer, Langle, Romero, Devis (Perishich, 37), Heyberg, Skipp, Son Hyon Min, Keyn, Risharlison (Kulusevski, 5; Sarr, 86).

«Nyukasl»ning juma kungi g‘alabasi («Notinghem» 2:1 hisobida taslim etildi) «Tottenhem»ni xato qilish huquqidan mahrum etdi, chunki londonliklar endilikda bitta zaxira o‘yiniga ega bo‘lgan «qarg‘alar»dan faqat bir ochkoga oldinda edi. Va maydonda barchasi Antonio Konte ssenariysi bo‘yicha boshlandi. Uning jamoasi birinchi bo‘limni ustunlikda yakunladi, Pedro Porroning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasi avvaliga darvoza to‘siniga, keyin darvozabonning yelkasiga tegib to‘rdan joy oldi.

Ammo jamoalar kiyim almashtirish xonasidan qaytishi bilan qanotdan berilgan uzatmaga vaqtida yetishga ulgurgan Adams muvozanatni saqladi. Turnir jadvalining oxirgi o‘rnida borayotgan «Sauthempton» yana bir bor top-klublarga muammo tug‘dirishga qodirligini namoyish etdi. Jamoa birinchi davrada peshqadam «Arsenal» bilan ochkolarni bo‘lishib olgan, so‘nggi bir oy ichida «Chelsi»ni mag‘lub etgan va «Old Trafford»da durangga erishgandi. Bu safar esa «avliyolar» o‘yin oxiridagi dramatizm bilan bir ochko ilib ketishdi.

Keynning joriy mavsumda bosh bilan urilgan to‘qqizinchi goli ham, Perishichning jarima maydoni chizig‘i atrofida turib yerga cho‘pchitib bergan zarbasi ham mezbonlar g‘alabasini ta’minlay olmadi. «Sauthempton» tezda hisobni qisqartirdi, zaxiradan o‘yinga tushgan Sarr esa qo‘shimcha daqiqalarda «Tottenhem»ni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. U to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishga urinib, ortdan kelgan Meytlend-Naylzning oyog‘iga tepib yubordi va hal qiluvchi penaltiga sababchi bo‘ldi. Bunday sur’atda Konte jamoasi to‘rtlikdan yana chiqib ketishi mumkin.

Chelsi – Everton 2:2
Gollar: 1:0 – 52 Joau Feliks, 1:1 – 69 Dukure, 2:1 – 76, penalti Haverts, 2:2 – 89 Simms.