15:54 / 21.03.2023
14131

Kreml saytida Putinning Mariupolga tashrifi aks etgan video o‘zgartirildi

Foto: Picture Alliance

Kreml saytida Putinning Mariupolga tashrifi aks etgan videodan noma’lum ayolning noroziligi aks etgan parcha kesib tashlandi. Ayol: «Bularning hammasi yolg‘on, hammasi xo‘ja ko‘rsinga!» deb baqirgandi.

Kreml saytida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning 19 martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari tomonidan vayron qilingan Mariupol aholisi bilan uchrashuvi aks etgan videolavha o‘zgartirildi. Uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan video qayta tahrirlanib, undan ayolning norozi ovozi tushib qolgan parcha olib tashlandi. 21 mart, seshanba kuni Telegram’dagi «Mojyem ob’yasnit» kanali bunga e’tibor qaratdi. 

27 daqiqalik videoning asl nusxasida bu lahza 22-daqiqada, Putin mahalliy aholi bilan gaplashayotganida bo‘lgan. Videodagi odamlar uning kelishini kutmaganliklarini aytgan, Putin qisqa javob bergan, keyin esa ayol kishining: «Bularning hammasi yolg‘on, hammasi xo‘ja ko‘rsinga» degan baqirig‘i eshitilgan. Shundan so‘ng, Putinning atrofidagilar o‘girilib, qo‘llari bilan ishora qiladi, uning yonida turgan Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin sarosimada kulimsirashni boshlaydi. Qayta joylashtirilgan videoda Putinning: «Ish shunaqa», degan so‘zidan keyin yopishtirilgan joy («skleyka») mavjud. 

18 mart kuni kechki payt, Xalqaro jinoiy sud (XJS) hibsga olish to‘g‘risida order berganidan bir kun o‘tib, Putin keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri birinchi marta Donbassga keldi. Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, u Mariupolga vertolyotda borgan, so‘ngra tunda mashinada shahar bo‘ylab o‘tgan va Rossiya tomonidan vayron qilinganidan keyin yangi qurilgan mikrorayonga tashrif buyurgan. 

«Verstka» nashrining yozishicha, Putinning tashrifi shaharda qolgan aholining noroziligiga sabab bo‘lgan. U butunlay vayron bo‘lgan shahardagi yagona yangi qurilgan mikrorayonga tashrif buyurdi, dedi mahalliy aholi vakillari va Putinga sobiq poydevorlardan qolgan bo‘sh kotlovanlar, shuningdek, derazalari, eshiklari, suv ta’minoti va isitish tizimi bo‘lmagan uylar ko‘rsatilmaganini ta’kidladi. 

Mavzuga oid
Top