Jahon | 15:16 / 21.03.2023
17542
3 daqiqa o‘qiladi

Myunxen konferensiyasi rahbari: Xitoy Putinning zaiflashishidan manfaatdor

XXR rahbari Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadan olib chiqib ketishni talab qilmayapti, chunki u Putinni hokimiyat tepasidan ag‘darmoqchi emas, deb hisoblaydi Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari. 

Foto: Reuters

Moskvaga tashrif buyurgan Xitoy rahbari Si Jinping Rossiyaning Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqib ketishiga intilmaydi, chunki bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinni yanada zaiflashtiradi, Xitoy esa uni ag‘darib, Kremldagi hokimiyatni o‘zgartirishdan manfaatdor emas, deydi Myunxen xavfsizlik konferensiyasi rahbari Kristof Hoysgen. Nemis diplomati 21 mart, seshanba kuni ZDF telekanalida Putin bu qaramlikdan o‘z maqsadlari uchun foydalanayotgan Si Jinpingga nihoyatda bog‘liq ekanini aytdi. Bir kun avval Moskvaga kelgach, Xitoy rahbari, aslida, Rossiya prezidentini «kelasi yili qayta saylanishi» bilan tabrikladi, dedi Hoysgen. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Si Jinping Rossiyani jahon sahnasida AQSh, Yevropa va xalqaro qonunlarga rioya qilishni yoqlovchi boshqa demokratik davlatlarga qarshi turadigan avtoritar davlatlar lagerida saqlab qolish uchun harakat qiladi. Shuning uchun, «u Putin zaiflashishini xohlaydi, Xitoy tomonida qat’iy qolishi uchun uni qo‘llab-quvvatlamoqchi», deydi Hoysgen. Shu bilan birga, u SSSRdagi qayta qurishni esladi va Rossiyada hokimiyat o‘zgargan taqdirda, XXR nomaqbul deb hisoblagan G‘arbga burilish yana sodir bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. 

Shu bilan birga, Xitoy Rossiyani qo‘llab-quvvatlagan holda, G‘arb sanksiyalariga tushib qolmaslik uchun nozik chiziqni kesib o‘tmasligi muhim, deya qo‘shimcha qildi Hoysgen. Shu bois, uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin Rossiyaga qurol yetkazib berishda juda ehtiyotkor. Bundan tashqari, Si Jinping «Putinning yadro qurolidan foydalanishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi», aks holda keyinchalik uni qo‘llab-quvvatlay olmaydi, deydi diplomat. 

Shuningdek, u G‘arb uchun bu vaziyatda xalqaro huquq tarafida qat’iy turish nihoyatda muhim ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, avtoritar lager bilan ziddiyatda hali ham yetarlicha aniq pozitsiyani egallagan Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikadagi ko‘plab mamlakatlarni o‘z tomoniga jalb qilishga ko‘proq e’tibor qaratish lozim, dedi Hoysgen. 

Bir kun avval, n-tv telekanaliga bergan intervyusida Hoysgen Si Jinpingning Moskvaga tashrifi ikkala davlat arbobi uchun ham muhim ekanini ta’kidlagan edi. Putin o‘z xalqiga XJS hibsga olish uchun order berganiga qaramay, Rossiya yakkalanib qolmaganligini ko‘rsatmoqchi, deya tushuntirdi u. Pekin uchun esa Rossiya, ekspertning fikriga ko‘ra, «arzon yonilg‘i quyish stansiyasi». Bundan tashqari, Si Jinping Xitoyning AQSh bilan tizimli raqobatida Rossiyaga muhtoj. Rossiya yakkalab qolgani sababli, Putin endi Xitoyning kichik hamkoriga aylandi, deya ishonch bildirgan Hoysgen. 

Mavzuga oid