Surxondaryo O‘zbekistonning 3 ta davlat (Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston) bilan chegaradosh viloyatidir. O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan 143 kmli umumiy chegarasida yagona – “Ayritom” chegara bojxona posti faoliyat ko‘rsatadi. Kun.uz respublika janubidagi ushbu postdan fuqarolar ikki davlatga qaysi maqsadlarda kirib chiqayotgani, chegaralarda ularga qo‘yilayotgan talablar bo‘yicha afg‘onistonliklar va o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.  

 

Yagona chegara posti

Termiz shahridan 15 km, ikki davlat chegarasidan esa 700 metr masofada joylashgan “Ayritom” chegara bojxona posti 1991 yil 26 oktyabrda tashkil etilgan. 2021 yilning iyun oyidan esa raqamli texnologiyalar asosida yangidan faoliyatini boshlagan edi. O‘zbekistonni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi yagona o‘tkazuv punktida poyezd, avtotransport va fuqarolarga xizmat ko‘rsatiladi.

Viza rejimi

Ayni paytda chegara postidan har ikki davlatga fuqarolar viza rejimi asosida o‘tib qaytishmoqda. Hozirda faqat biznes maqsadida va O‘zbekistonda yashash uchun uzoq muddatli vizasi bor afg‘onistonlik fuqarolar chegaradan o‘tishlari mumkin. O‘zbekiston orqali boshqa davlatlarga va Afg‘oniston orqali Eron yoki Janubiy Osiyo davlatlariga tranzit o‘tish yoki sayyohlikni maqsad qilganlar uchun hozirda har ikki davlat fuqarolariga chegaradan o‘tishga ruxsat yo‘q.

Chegaradan o‘tishdan maqsad...

“Ayritom” postida chegaradan o‘tib-qaytayotgan afg‘onistonliklar bilan suhbatlashdik.

Asadullo Eshonzoda:

—  O‘zbekistonga 30 yildan beri o‘tib qaytaman. Biznes bilan shug‘ullanamiz. O‘zbekistondan Afg‘onistonga yog‘, un, bug‘doy olib ketamiz. Ilgari turist vizasi bor edi. 40-50 kishi ortidan navbatga turib, uzoq kutardik. Hozir odam kam, 1-2 daqiqada postdan o‘tib olyapmiz. Bemalol bo‘lib qolgan. Endi O‘zbekistonda 2-3 oy bo‘lamiz. Toshkentda turamiz. Buxorodagi zavodga bug‘doy olib boramiz. Uni zavod tegirmonidan chiqarib, unini Afg‘onistonga yuk ulovlari yoki vagonlarda olib ketamiz. Afg‘onistondan esa hech narsa olib kelmayman. Lekin boshqalar mandarin, kartoshka olib kelishadi u yoqdan.