Jahon | 09:00 / 04.04.2023
8909
4 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Gershkovichning oldiga konsullik darajasida ham kirib bo‘lmayapti

Hibsga olingandan keyingi kun Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Gershkovich bilan konsullik darajasidagi uchrashuvga ruxsat berishni va’da qilgan, ammo hozircha u taqdim etilmayapti.

Evan Gershkovich / Foto: WSJ

Rossiyada josuslikda ayblanib hibsga olingan The Wall Street Journal gazetasining amerikalik muxbiri Evan Gershkovich bilan konsullik darajasida uchrashishga ruxsat berilmayapti, deya ma’lum qildi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi rasmiy vakili Jon Kirbi 3 aprel, dushanba kuni.

«Doimiy» urinishlarga qaramay, uchrashish bo‘yicha harakatlar muvaffaqiyatsiz tugayapti, dedi Kirbi. Unga ko‘ra, Gershkovich ishini hamma, jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden ham diqqat bilan kuzatib bormoqda. «Biz Evanni uyiga qaytarish uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», dedi Kirbi va Vashington «muxbir hibsda ekanligini bilganidan beri qattiq harakat qilayotganini» ta’kidladi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Gershkovich hibsga olinganining ertasiga jurnalist bilan konsullik darajasida uchrashishga ruxsat berilishini ma’lum qilgandi. «Bizning ichki tartib-qoidalarimizga ko‘ra, albatta, bunday ruxsat beriladi», dedi u. Bu haqda Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ham ma’lum qildi. «O‘ylaymanki, konsullik va diplomatik an’analarga ko‘ra, uchrashuv taqdim etiladi, lekin qaysi bosqichda va qachon, men bilmayman – buni Moskva rasmiylari hal qiladi», — dedi Nebenzya.

Jurnalistlarning Davlat departamenti nega Gershkovichning hibsga olinishini haligacha noqonuniy deb e’lon qilmagani haqidagi savoliga, Kirbi Davlat departamenti ichki protokollarini sabab sifatida keltirgan.

«Davlat departamentida hibsga olinganlarni tasniflash jarayoni bor va ular buning ustida ishlamoqda. Ular amerikaliklarning xorijda hibsga olinishini alohida ko‘rib chiqadi va ularni noqonuniy deb tasniflash kerakmi yoki yo‘qmi degan qarorga keladi. Ular ishlayapti. Buning ustida juda qattiq harakat qilishayotganini bilaman. Men bu borada aniq muddatlarni ayta olmayman», dedi Kirbi.

30 mart kuni Rossiya «FSB» Gershkovichning AQSh hukumati foydasiga josuslik qilganlikda gumonlanib hibsga olinganini e’lon qildi. Rossiya maxsus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, «Amerika tomoni ko‘rsatmasi bo‘yicha u Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Shu kuni Lefortovo sudi jurnalistni may oyi oxirigacha hibsga oldi. WSJ barcha ayblovlarni rad etdi va Gerkshovichni ozod etishni talab qildi.

3 aprel kuni Gershkovich bilan uchrashish uchun «Lefortovo» tergov hibsxonasiga Moskva Jamoatchilik kuzatuv komissiyasi (JKK) a’zolari tashrif buyurdi. «Uning «Lefortovo»da saqlanishi bo‘yicha shikoyati yo‘q. Yaxshi ahvolda, suhbat davomida juda ko‘p hazil qildi», - deb xabar berdi komissiya. JKK vakillari qo‘shimcha qilishicha, Gershkovichning tergov izolyatorida ovqatlanishi «belgilangan standartlarga mos keladi».

Gershkovich hibsga olinganidan keyin Oq uy va AQSh Davlat departamenti Rossiyadagi barcha amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirdi. AQSh prezidenti Jo Bayden, Yevropa Ittifoqi rasmiylari, dunyoning 30 dan ortiq yirik ommaviy axborot vositalari Evan Gershkovichni ozod etishni talab qildi.

Mavzuga oid