Doimiy muomalada bo‘luvchi qog‘oz pullar ma’lum muddat o‘tib, yaroqsiz holatga kelib qolishi mumkin. Ana shunday vaziyatda ko‘pchilik nima qilishni, qayerga murojaat etishni bilmaydi. Aslida esa buning qonuniy chora-tadbirlari belgilangan. O‘zi qanday holatdagi banknotlar to‘lovga yaroqli yoki yaroqsiz sifatida tavsiflanadi? Markaziy bank mutaxassislari bu borada e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumot berdi.

Qanday pullar to‘lovga yaroqli bo‘ladi?

Quyidagi holatdagi banknotlarni moneliksiz to‘lovga qabul qilish lozimligi va tushum puli sifatida banklarga topshirish mumkinligi belgilangan. Xususan, bular:

  • har qanday qismida teshik yoki yirtilish bo‘lgan, qog‘ozi siyqalangan (ishqalanish oqibatida yupqalashib, yumshoq qog‘oz ko‘rinishiga kelib qolgan) hamda dog‘lari bo‘lgan va turli rasm va (yoki) yozuvlar yozilgan banknotlar;
  • yirtilib bo‘laklarga ajralgan va yelimlangan pullar - agar pulning qismlari shubhasiz bitta banknotga tegishli bo‘lsa;
  • bo‘yoq moddalari yoki kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar;
  • banknotning ayrim qismiga (yoki qismlariga) yozilgan yozuvlar yoki bo‘yalgan (bo‘yoq to‘kilgan) joyi banknot umumiy hajmining 5 foizidan oshmaydigan banknotlar;
  • banknotning yirtilgan, teshilgan joyining diametri yoki yirtilib tushgan burchagi (qismi) 1 smdan oshmaydigan banknotlar;
  • rangi keskin tarzda o‘zgarmagan banknotlar;
  • shikastlanish turi va joylashishidan qat’i nazar, banknot to‘liq hajmining 55 foizidan kam bo‘lmagan qismi saqlanib qolingan pullar.

Qanday pullar to‘lovga qabul qilinmaydi?

Banknota quyidagi hollarda to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi:

  • banknot umumiy hajmining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan bo‘lsa;
  • tegishli himoya belgilariga ega bo‘lmagan banknotlar ya’ni qalbaki pullar;
  • banknotdagi uning nominal qiymatini aks ettiruvchi yozuv va raqamlarni o‘zgartirish orqali hosil qilingan soxta pullar ham to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi.

Yelimlangan banknot qismlari bitta banknotga tegishli bo‘lsa, ya’ni seriya, raqamlari bir xil bo‘lganda “yaroqli pul” sifatida to‘lovga qabul qilinishi lozim. Ayrim hollarda, bir xil nominaldagi, biroq 2 ta banknotning qismlarining bir-biriga yelimlanganini uchratish mumkin. Ya’ni banknot qismlaridagi seriya, raqamlar turlicha bo‘ladi. Ushbu banknotlarning har ikki qismi alohida olinganda, banknot umumiy yuzasi 55 foizidan kam bo‘lsa “to‘lovga yaroqsiz” deb topiladi. Aksincha bo‘lsa, qabul qilinadi.