«Ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, 2023-2026 yillarda respublika hududida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha obektlarini ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini ta’mirlash va belgilangan me’yorlarda ishlashini ta’minlash davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektor ishtirokida bosqichma-bosqich joriy etiladi. 

Birinchi bosqichda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi 5722 ta davlat ijtimoiy soha obektining issiqlik ta’minoti tizimi xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilinadi va boshqarish tizimi joriy qilinadi. 

2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarida hamda boshqa viloyatlarda isitish tizimi davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilinadi. 

Modernizatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuziladi. 

Uning asosiy vazifalari quyidagilar bo‘ladi:

  • davlat ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlari uchun talab etiladigan ko‘mir va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
  • har chorakda tuman (shahar) hokimliklari va jalb qilingan xususiy sheriklar tomonidan bajarilgan ishlar natijadorligini o‘rganish va muntazam monitoring qilib borish;
  • davlat ijtimoiy soha obektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilishda yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rish;
  • tuman (shahar) hokimliklarining loyihalar ijrosi yuzasidan axborotlarini qabul qilish va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy materiallarni kiritib borish;
  • mazkur qarorda ko‘rsatilgan topshiriqlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini nazorat qilib borish. 

2023 yil 1 avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman va shaharlardagi ijtimoiy soha obektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari boshlanadi.