Norasmiy sektorda band bo‘lganlar hisobiga davlat budjetiga 32,9 trln so‘m tushmagan
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari O‘zbekistonda norasmiy bandlik holatini tahlil qildi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda jami iqtisodiy faol aholi 14,98 million kishini tashkil qilgan. Undan jami 13,7 million kishi ish bilan band bo‘lib, ularning 6,5 million (47 foiz) rasmiy sektorda band.
Iqtisodiy faol aholi bu iqtisodiyotda band bo‘lganlar va ishsizlarni o‘z ichiga oladi. Bunga talabalar, bola parvarishi bilan dekret ta’tilida o‘tirganlar va o‘z xohishiga ko‘ra ishlamaydiganlar kirmaydi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha jami norasmiy sektorda band bo‘lganlarning eng katta ulushi, ya’ni 34 foizi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida mehnat qiladi. Xuddi shu ko‘rsatkich savdoda 14 foiz, qurilishda 14 foiz va sanoatda 11 foizni tashkil etadi.
Norasmiy bandlar bu yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan korxonalarda ishlaydigan ishchilar. Ushbu toifaga mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ishlaydigan xufiyona sektor vakillaridan tashqari, ro‘yxatdan o‘tmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘z-o‘zini band qilganlar va ularning ishchilari kiradi. Ta’kidlanishicha, norasmiy sektorning kattaligi hukumatlarga iqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish va iqtisodiyotni tartibga solishda qiyinchilik tug‘diradi.
Norasmiy sektorda bandlar sohalar kesimida rasmiy sektorda bandlar bilan bir xil miqdorda ish haqi oladi deb faraz qilinsa, 2022 yilning o‘zida 9 milliondan oshiq aholi norasmiy sektorda band bo‘lgani hisobiga davlat budjetiga soliq ko‘rinishida 32,9 trillion so‘m mablag‘ tushmagan.
Budjet mablag‘larining yarmidan ko‘pi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi inobatga olinsa, bu mablag‘ hisobiga 500 o‘quv o‘rinli 4 100 ta umumta’lim maktablari qurish yoki barcha hududlardagi ta’lim oluvchilarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish uchun mavjud 10 522 ta umumta’lim maktablarini moddiy-texnik bazasini zamonaviy o‘quv anjomlari bilan ta’minlash yoki 3 737 ta ambulator tibbiy muassasa qurish yoki sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy xodimlar oylik maoshini 7,8 million so‘mga yetkazish yoki umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining oylik maoshini 7,2 million so‘mga yetkazish mumkin bo‘lardi.
Bildirilishicha, tegishli soliqlarni to‘lamasdan biroz ko‘proq daromad olish orqali «yutish» bevosita boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdagi «yutqazish»ga olib kelmoqda, deyiladi institut sharhida.
Mavzuga oid
15:24 / 02.11.2024
Oktyabrda ilk marta davlat budjeti oylik profitsitga chiqdi
07:50 / 02.11.2024
Bandlik vazirligi ishsizlik darajasi kamayganini ma’lum qildi
18:42 / 30.10.2024
Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov tiklanishi mumkin
15:10 / 25.10.2024