Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangiladi.
2023 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 35,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2023 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 33,9 mlrd dollar bo‘lgan.
Mart oyi davomida oltinning fizik hajmi kamaygan bo‘lsa-da, (12,6 mln troya unsiyadan 12,3 mln troya unsiyaga), qiymati 22,8 mlrd dollardan 24,2 mlrd dollarga oshgan. Bu asosan hisobot davrida jahon bozorida oltin narxlarining qimmatlashgani bilan bog‘liq.
Xususan, 1 mart holatiga ko‘ra 1 troya unsiya oltin narxi 1836 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 31 mart holatiga bu ko‘rsatkich 1969 dollargacha yetgan.
Xalqaro moliya bozorlarida oltin narxining qanday shakllanishi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakat zaxiralarining 68 foizini (12,3 mln troya unsiya yoki 382 tonna) oltin tashkil etadi.
Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?
Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois, oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.
Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
- to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
- inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlashga valuta sotib olish uchun;
- davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
- davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.
Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.









