YeChL. 1/4 final. 11 aprel
Manchester Siti — Bavariya 3:0
Gollar: Rodri (27), Silva (70), Holand (77).
Manchester Siti – Ederson, Ake, Diash, Akanji, Stounz, Gundo‘g‘an, de Bryuyne (Alvares, 68), Grilish, Silva, Rodri, Holand.
Bavariya – Zommer, Pavar, Upamekano, de Ligt, Goretska, Kimmix, Devis (Kanselu, 81), Koman, Sane, Musiala (Mane, 69), Gnabri (Myuller, 80).
Ogohlantirishlar: Silva (48), Devis (49), Pavar (88).

Bu jamoalar aslida Chempionlar ligasi finalini bezab bergan bo‘lardi. Favoritlardan birining chorakfinaldayoq ishtirokini to‘xtatishi adolatsizdek ko‘rinadi. Ammo bu betaraf muxlislar uchun yaxshiroq: ular top-darajadagi birgina o‘yin o‘rniga ikkita o‘yinni tomosha qilishadi.

Aprel oyining asosiy jangi uchun Tomas Tuxel ham, Pep Gvardiola ham g‘ayrioddiy narsa o‘ylab topishiga shubha yo‘q edi. «Bavariya» murabbiyi uchun hozir istalgan o‘yin muhim ahamiyatga ega va undan o‘zini ko‘rsatish talab etiladi. Myunxenliklarning Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi hujumdagi sxemasi 2-3-5 ko‘rinishini eslatardi, Germaniya Kubogida «Frayburg»ga qarshi — 3-2-5, bundesligada xuddi shu raqibga qarshi — 4-1-4-1.

Ammo bu safar Tuxel ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rdi va ikki nafar tayanch yarimhimoyachisini (Kimmih va Goretska) tushirdi, shu bilan birga oldingi chiziqdagi tanlovlar bo‘yicha raqibni dog‘da qoldirdi: bungacha Tuxel boshqaruvidagi uch o‘yinda ham startda bo‘lgan Myuller zaxirada qoldi, chapaqay Sane o‘yinni chap qanotda boshladi, o‘ng oyoq asosiy quroli bo‘lgan Koman — o‘ngda, holbuki dortmundliklarga qarshi o‘yinda barchasi boshqacha bo‘lgandi. Bu ish berdimi? Qisman: «Bavariya»ning birinchi bo‘limdagi yagona xavfli vaziyati Sane raqib darvozasiga yaqinlashib kelib, zarba berish nuqtasida ochilgan Musialaga pas berishi bilan kechdi (germaniyalik futbolchining zarbasini Diash to‘sib qoldi). Agar Leroy o‘ngaqay bo‘lganida bunday pas bera olmagan bo‘lardi.

«Borussiya» bilan o‘yinda myunxenliklar o‘z uyida o‘ynay turib, to‘pga egalik qilishda raqibdan ortda qolgan va noodatiy tarzda pressing qilishda passiv bo‘lgandi. Aftidan, Tuxel Manchesterda ham shunday yo‘l tutib, natijaga erishmoqchi edi. Bu qisman o‘xshadi: «Bavariya» hujumchilari raqib himoyachilarini markaziy liniyaga yaqin hududda qarshi olishdi, ular oldinroqda himoyalanish tufayli o‘z jamoasi tuzilmasi buzilib ketishining oldini olishdi. Ammo «Borussiya» bilan o‘yinda bu yo‘l foydali bo‘lgan bo‘lsa, endi esa — yo‘q.