O‘zbekiston | 11:40 / 13.04.2023
47235
7 daqiqa o‘qiladi

«Otam qiz farzand ko‘rishni istamagan». Dunyoning top universiteti – Stenfordga to‘liq grant yutgan o‘zbek qizi hikoyasi

«Mikrofon qizlarda» loyihasining navbatdagi qahramoni 20 yoshli Farangiz Murodiy. U yaqinda dunyoning top-10 universitetlaridan biri Stenfordga 370 ming dollar grant yutdi va u mazkur oliygohning bakalavriat bosqichida to‘liq grantda o‘qiydigan ilk o‘zbekka aylandi. Bu voqea o‘zbek talabalari orasida yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Farangiz Murodiy Toshkentda tug‘ilib, 4-sinfgacha shu yerdagi maktabda o‘qigan. Keyin Turkiyaga ketadi va qolgan hayoti Istanbul bilan bog‘lanadi. U barcha yutuqlari ortida onasining qo‘llab-quvvatlashi va ishonchi turganini aytadi.

Onasi ishlatgan «hiyla»

Farangiz Turkiyaga borib, 4-sinfni boshlash arafasida bo‘lganda onasi unga yangi sinfga o‘tish uchun imtihon topshirishi kerakligini aytadi. Buning uchun esa yaxshi tayyorlanib, turk tilida imtihon topshirishga to‘g‘ri keladi. Maktabda doim birinchi bo‘lishga harakat qilgan, a’lo baholarda o‘qigan Farangiz Turkiyada ham bu peshqadamlikni qo‘ldan chiqargisi kelmaydi. 3 oylik yozgi ta’til davomida 1-sinfdan 3-sinfgacha bo‘lgan turkcha darsliklarni o‘qib, imtihonga tayyorlanib chiqadi. Lekin yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida hech qanaqa imtihon qilinmay keyingi sinfga qabul qilinadi.

Qizaloq bu onasining qizining yaxshi o‘qishi uchun qo‘llagan «hiylasi» ekanini keyin payqab qoladi. «Onam o‘zi ko‘p tillarni bilgani uchun bizni ham har tomonlama aqlli qilib o‘stirishga harakat qilgan. 4-sinfni Turkiyada davom ettirishimga to‘g‘ri kelganda, onamning o‘shanda ishlatgan usuli menga doimo asqatdi», – deydi Farangiz.

Doimo eng yaxshici uchun harakat qilish

Amerikadagi oliygohlarga kirishning asosiy shartlaridan bo‘lgan SAT imtihonidan 1560 ballni qo‘lga kiritgan. Bu imtihondan eng yuqori ball 1600. Qizig‘i, u bu natijaga mustaqil tarzda, o‘zi kitoblardan o‘qib tayyorlanganini aytadi. Farangiz SATʼdan yuqori ball olish uchun jami 5 marta imtihon topshirib, oxirida o‘zi istagan natijani qo‘lga kiritgan. Shuning uchun u bu bilimini boshqa yoshlarga ham o‘rgata boshlagan va buning uchun YouTube kanalini ham tashkil qilgan.

«Bundan maqsadim, potensiali bor o‘quvchilarni yuzaga chiqarish va ularning ham yuqori ball olishida ko‘maklashish», – deb aytadi u.

Farangiz Yyel, Harvard, Stenford va Dartmut – dunyoning top 20talik ro‘yxatiga kiruvchi oliygohlariga hujjat topshirgan. Odatda abituriyentlar 20-30talab oliygohlarga hujjat topshiradi. Farangiz esa atigi 4ta oliygohni tanlagan. Buning sababini esa bolaligidan eng yaxshisiga erishishga harakat qilib kelgani bilan izohlaydi.

Shuning uchun ham eng top oliygohlarni tanladim va harakat qilsam, albatta, ularga kirishimga ishonardim. Boshqa universitetlarga ham kira olardim, lekin bundan o‘zimning ko‘nglim to‘lmasdi”, – deydi u.

Stenford dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lganlarni tanlaydi

«Stenfordni tanlaganim sababi u yerda tadbirkorlik, biznes sohasida yirik startaplar qilish imkoni ko‘p. AQShdagi oliygohlarga qabul qilinishda SAT, IELTS imtihonidan tashqari, talabgorning qadriyati, dunyoqarashi muhim o‘rinda.

 Imtihondan katta baho olishingiz mumkin, lekin bu siz jamiyat uchun foydali inson bo‘lishingizni anglatmaydi. Masalan, Stenford qadriyati bo‘yicha ijtimoiy sohada dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lgan insonlarni tanlaydi», – deb tushuntiradi u.

Buni talabgor yozayotgan insholarida, so‘ralgan faoliyat turlarini yozayotganda ko‘rsatishi lozim.

«Ariza to‘ldirganda faoliyat turi degan joyi bor. Bunda ko‘p talabalar to‘ldirish kerak bo‘lgani uchungina to‘ldirishadi. Turli volontyorlik dasturlarida ham arizaning shu qismini to‘ldirish uchun qatnashishadi. Ya’ni maqsad arizani to‘ldirish emas, men dunyoga qanday foydali inson bo‘laman degan qarash bo‘lishi kerak. Men esa o‘zim qiziqib, aynan bitta yo‘nalishda turli dasturlarga qatnashib yurganman. Ya’ni ichimdan xohlaganman va bu arizamda ham ko‘ringan», – deydi u.

Stenford Farangizga jami 370 mingga yaqin grant ajratgan. Bu pul 4 yil bakalavrda o‘qishga yetadi. Oliygohda o‘qish yiliga 100 ming dollarga yaqin tushadi. Xo‘sh, nega bitta talabaga buncha ko‘p miqdorda grant ajratdi?

Qahramonimizning aytishicha, universitet talaba o‘qishni tugatgandan keyin sarflangan investitsiyani oqlaydi, yangi Google yoki keyingi SpaceXʼni quradi deb ishonishadi.

«Otam tashlab ketgani menga faqat motivatsiya bergan»

Farangiz yutuqlari ortida faqat onasi turganini aytadi. Otasi qiz farzand tug‘ilishini xohlamagani uchun Farangiz hali dunyoga kelmasidanoq ulardan voz kechgan.

«Oilada ikki qizmiz. Opamdan keyin otam va onam yana farzand kutishayotgan bo‘lgan, ya’ni meni. Otam doimo o‘g‘il farzand xohlagani uchun mening ham qiz bo‘lishimni eshitgach, onam bilan ajrashishga qaror qilgan. Shundan keyin umuman bizga na moddiy, na ma’naviy yordam ko‘rsatgan. Otamni ko‘rmaganman ham», – deydi u.

«O‘rganishni o‘rgatish kerak»

Farangiz, shuningdek, o‘zbek ta’lim tizimida uchramaydigan, lekin o‘quvchi uchun juda muhim bir jihatni sanadi. U maktablarda o‘quvchiga bilimni qanday o‘rganishni o‘rgatishmasligini aytdi. Ya’ni bilimni mustaqil tarzda qanday o‘rganish mumkinligi haqida gapirilmaydi.

«O‘quvchiga samarali shaklda bilimni o‘rganish tushuntirilsa, u kimyomi, biologiyami, matematikami hammasini ilib oladi. O‘quvchi o‘zining o‘qish darajasini tahlil qilib, o‘zini tushuna oladi», – deydi u.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid