Putin vertolyotda uchib kelgan va Genicheskkacha jipda ketgan. Foto: TASS

Putin Ukrainaning bosib olingan hududlariga borgani aks etgan video Kreml saytida seshanba tongida namoyish etildi.

Kreml tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Vladimir Putin Ukrainaning bosib olingan ikki hududida - Xerson va Luhansk oblastlarida bo‘lgan. U ikki shtabga tashrif buyurgan va generallar bilan frontdagi vaziyatni muhokama qilgan. Putinning matbuot xizmati aniqlik kiritishicha, bu dushanba kuni ro‘y bergan.

Lapin va Teplinskiy

Kunning yorug‘ vaqtida olingan videokadrlarda Putin Mi-8 vertolyotidan chiqib kelishi, keyin kortej Xerson oblastining bosib olingan qismi markaziga aylangan Genichesk tomon harakatlanganini ko‘rish mumkin (mashinalar shaharga kirishdagi stela yonidan o‘tadi).

Putin mashinadan tushganida uni «Dnepr» guruhi qo‘mondoni Oleg Makarevich qarshi oladi. U darhol hisobot berib, uning guruhi «topshiriqqa binoan mudofaaga kirishgani»ni aytadi.

General Makarevich va prezident Putin. Foto: RUSSIAN POOL

Dastlabki xabar Kreml saytida ertalabki soat 7:15 da paydo bo‘lgan. Unda general-polkovnik Makarevichdan tashqari havo-desant qo‘shinlari qo‘mondoni, general-polkovnik Mixail Teplinskiy ham tilga olingan.

Shu kunlarda amerikalik harbiy ekspertlar va Britaniya razvedkasi yanvar oyida chetlatilgan Teplinskiy frontga qaytgani haqida xabar berishgandi (ularning ma’lumotiga ko‘ra, Donetsk oblastida Baxmutga yurishni qo‘llab-quvvatlash uchun).

Rossiya televideniyesida namoyish etilgan kadrlarga ko‘ra, «Dnepr» shtabidagi yig‘ilishda general-polkovnik Teplinskiyga yuzlangan Putin maqtovni ayamagan: «Xabarim bor, bosh shtab boshlig‘i va mudofaa vaziri topshirig‘i bilan u ko‘p vaqt oldingi chiziqda bo‘lgan, juda batafsil hisobot berdi. Mudofaa vazirligi va bosh shtab uni juda yuqori qadrlaydi».

Yana bir videoda general-polkovnik Aleksandr Lapin ko‘rinish beradi. Lapin Rossiya armiyasining o‘tgan yil sentabrida Xarkiv oblastidagi muvaffaqiyati aybdori sifatida ko‘riladi. Yanvar oyida OAV u frontdan chaqirib olinib, quruqlik qo‘shinlari bosh shtabi boshlig‘i lavozimiga tayinlangani haqida xabar bergandi.