O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ramazon oyi va hayitini aniqlash uchun ulamolar va malakali mutaxassislardan tuzilgan ishchi guruh yangi Shavvol hilolini astronomik tahlillar hamda xorijiy davlatlardagi mutaxassislar bilan hamkorlikda kuzatib bormoqda. Ma’lum bo‘lishicha, ishchi guruhi vakillari AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya va Rossiya mintaqalarida ham kuzatish ishlarini olib bormoqda.

«Xorijdagi nufuzli astronomiya markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Astronomiya institutidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil Ramazon hayiti kuni, ya’ni Shavvolning yangi oy fazasi shu yil 20 aprel, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:12 da, Saudiya Arabistoni vaqti bilan esa 07:12 da sodir bo‘ladi. Astronom olimlar xulosasiga ko‘ra, shu kuni Shavvol oyi hiloli O‘zbekiston hududida ko‘rinmasa-da, lekin dunyoning ayrim mintaqalarida ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, Hanafiy fiqhi manbalarida bir makonda yangi hilol ko‘rilishi dunyodagi jami musulmonlarga Ramazon hayitini nishonlashni joiz qiladi. Bunga hanafiy, molikiy va hanbaliy mazhablaridan iborat jumhur ulamolar ittifoq qilishgan», deyiladi idora xabarida.

Shar’iy masalalar va astronomik hisob-kitoblarga tayangan holda Shavvol oyi hiloli 2023 yil 20 aprel kuni Yer yuzining ayrim hududlarda kuzatiladi. Shu bois, Ramazon hayiti kuni 2023 yil 21 aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida dastlabki xulosalar qilinmoqda. Aytish mumkinki, AQSh, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlar tomonidan joriy yil 21 aprel, juma kuni Ramazon hayiti deb e’lon qilingan.

«Falakiy hisob bo‘yicha hayit kuni ma’lum bo‘lsa-da, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar», degan hadisi shariflariga asosan mazkur Ishchi guruhining AQSh, Turkiya va G‘arb davlatlardagi vakillarining hilolni kuzatish to‘g‘risidagi oxirgi ma’lumotlari olingandan keyin 2023 yil 20 aprel kuni yakuniy xulosalar taqdim etiladi», deyiladi Musulmonlar idorasi bayonotida.

Diniy idora ibodat masalasida doim ehtiyot bo‘lishga chaqirib, Ramazon ro‘zasining boshlanishi va tugashi faqat yurt muftiysi tomonidan e’lon qilinishini ta’kidlagan.

Shuningdek, internet saytlari yurituvchilari va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan ushbu masalada turli xabarlarni tarqatish orqali xalqni asl vaziyatdan chalg‘itmaslikni iltimos qilingan.